
O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchilari Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev to‘p surayotgan «Istanbul Bashakshehir» yangi mavsumdagi ilk rasmiy uchrashuvini UEFA Konferensiyalar ligasida o‘tkazadi. Turkiya klubi musobaqaning ikkinchi saralash bosqichida Finlyandiyaning Turku shahri sharafini himoya qiluvchi «Inter» jamoasini qabul qiladi.
Uchrashuv 22-iyul kuni «Bashakshehir Fotih Terim» stadionida bo‘lib o‘tadi va Toshkent vaqti bilan soat 22:45 da boshlanadi. Bahsni ispaniyalik hakam Xuan Martines Munuera boshqaradi. Ushbu o‘yin Shomurodov va Fayzullayev uchun 2026-yilgi jahon chempionatidan keyingi ilk rasmiy klub uchrashuvi bo‘lishi mumkin.

Jamoada nima yangiliklar
«Istanbul Bashakshehir» o‘tgan mavsum Turkiya Superligasida 57 ochko jamg‘arib, beshinchi o‘rinni egallagan. Jamoa uchinchi o‘rinni band qilgan «Trabzonspor» Turkiya kubogini qo‘lga kiritgani sababli UEFA Konferensiyalar ligasi yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. Istanbul klubi o‘tgan mavsumda ham ushbu turnirda qatnashgan, biroq pley-off bosqichida musobaqani tark etgan edi. Nuri Shahin boshchiligidagi jamoa bu safar liga bosqichiga yo‘l olishni maqsad qilgan.
«Bashakshehir» yangi mavsumga tayyorgarlikni 22-iyun kuni Istanbulda boshladi. Jamoa 2-iyulgacha o‘z bazasida shug‘ullanib, dastlabki yig‘inni Namanganning «Navbahor» klubiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi bilan yakunladi. Mazkur bahsda Turkiya vakili 2:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Shundan so‘ng jamoa 5 – 15-iyul kunlari Avstriyaning Gaynberg shahrida yig‘in o‘tkazdi. Istanbul klubi tayyorgarlik davomida «Rid» bilan ikki marta, shuningdek, «Pushkash», «Zalsburg» va «Krakoviya» jamoalariga qarshi nazorat uchrashuvlarida maydonga tushdi.
Yozgi transfer oynasida «Bashakshehir» Edin Vishcha, Emin Bayram va Mixal Karbovnikni o‘z safiga qo‘shib oldi. Klub, shuningdek, o‘tgan mavsumdagi eng samarali futbolchilaridan biri bo‘lgan Eldor Shomurodovning shartnomasidagi sotib olish bandini faollashtirib, uning transfer huquqini to‘liq qo‘lga kiritdi.
Avvalroq «Kursiv» Abbosbek Fayzullayev yana tilga olingani haqida yozgan edi.