
Toyota kompaniyasi 2027-yilgi Toyota Tundra pikapini taqdim etdi. Bu haqda Carcoops nashri xabar bermoqda.
Yangilangan model tashqi ko‘rinishdagi kichik o‘zgarishlar, zamonaviylashtirilgan salon, kengaytirilgan standart jihozlar va yangi Trailhunter yo‘ltanlamas versiyasiga ega bo‘ldi.
Trailhunter SR5 versiyasi asosida yaratilgan. U Michelin LTX Trail yo‘ltanlamas shinalari, modernizatsiya qilingan Old Man Emu osmasi, kuzov osti himoyasi, old tortish ilgaklari va orqa differensialni bloklash tizimi bilan jihozlangan. Shuningdek, murakkab yo‘l sharoitlarida harakatlanishga yordam beruvchi Multi-Terrain Select hamda Crawl Control funksiyalari mavjud. Yangi versiyani bronza rangli g‘ildirak disklari va Trailhunter emblemalari orqali ajratish mumkin.
Tundra’ning tashqi dizayni keskin o‘zgarmagan. Pikap biroz qayta ishlangan radiator panjarasi va bamperlarga ega bo‘ldi. Ayrim versiyalar uchun radiator panjarasiga o‘rnatiladigan yangi LED yorug‘lik paneli hamda RIGID tumanga qarshi chiroqlari taklif etiladi.
Asosiy yangiliklar salon ichida amalga oshirilgan. Endilikda barcha komplektatsiyalar standart tarzda 14 dyuymli multimedia ekrani bilan jihozlanadi. Tizim 5G tarmog‘iga ulanish, moslashtiriladigan vidjetlar va yangilangan Hey Toyota ovozli yordamchisini qo‘llab-quvvatlaydi.

Qo‘shimcha imkoniyatlar va narxlar
Standart jihozlar qatoriga Drive Recorder videoregistratori ham kiritildi. U tashqi kameralar orqali olingan 20 soniyalik videolarni avtomatik ravishda saqlashi mumkin. Bundan tashqari, barcha Tundra versiyalariga Toyota Safety Sense 4.0 haydovchiga yordam beruvchi elektron tizimlar majmuasi o‘rnatiladi.
Dvigatellar qatori o‘zgarishsiz qoldi. Xaridorlarga 3,5 litrli, ikkita turbokompressorga ega 389 ot kuchli V6 benzin motori hamda 437 ot kuchi ishlab chiqaradigan i-FORCE MAX gibrid qurilmasi taklif etiladi. Toyota Trailhunter versiyasi qaysi dvigatel bilan jihozlanishini hozircha ma’lum qilmagan.
Kompaniya batafsil texnik xususiyatlar, komplektatsiyalar va narxlarni kuzda e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Yangilangan Tundra’ning 2026-yilgi modeldan biroz qimmatroq bo‘lishi kutilmoqda. Amaldagi versiyaning AQShdagi boshlang‘ich narxi $41,3 mingni tashkil etadi.
Avvalroq «Kursiv» Chevrolet Tracker uchun chegirma e’lon qilingani haqida yozgan edi.