Nokia’ga o‘xshash HMD Touch AI telefoni sotuvga chiqdi

24-iyul 2026 13:07 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Nokia’ga o‘xshash HMD Touch AI telefoni sotuvga chiqdi
Foto: HMD

HMD kompaniyasi Xitoy bozorida Nokia Lumia smartfonlarini eslatuvchi dizaynga ega yangi HMD Touch AI telefonini taqdim etdi. Bu haqda ITHome nashri xabar bermoqda.

Sun’iy intellekt funksiyalari o‘rnatilgan qurilma 469 yuan yoki taxminan $70 narxda oldindan buyurtma uchun taqdim etildi. Touch AI 3,2 dyuymli ixcham ekran bilan jihozlangan. Telefonning orqa qismidagi dumaloq blokda 2 MP asosiy kamera joylashgan, selfi va videoqo‘ng‘iroqlar uchun esa yana 2 MP old kamera o‘rnatilgan.

Qurilma sariq, ko‘k va oq rangdagi almashtiriladigan orqa panellarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu qopqoqlar alohida sotiladi. Dizayn va yorqin ranglar kombinatsiyasi Microsoft davridagi Nokia Lumia smartfonlari uslubini eslatadi.

Foto: HMD

Texnik imkoniyatlar

Telefon 1950 mA/soat sig‘imli akkumulyatorga ega va USB Type-C porti orqali quvvatlanadi. Unda ikki SIM-karta, 4G mobil aloqa, Wi-Fi hamda internetni boshqa qurilmalarga tarqatish imkonini beruvchi ulanish nuqtasi rejimi mavjud. Mobil to‘lovlarni Alipay orqali amalga oshirish mumkin.

Modelning asosiy xususiyati ByteDance kompaniyasi ishlab chiqqan Doubao sun’iy intellekt tizimining integratsiya qilinganidir. U xitoy va ingliz tillari o‘rtasida tarjima qilish, matnli tavsif asosida tasvir yaratish hamda boshqa sun’iy intellekt vazifalarini bajarishi mumkin.

Korpusning yuqori qismida dasturlashtiriladigan jismoniy tugma ham joylashtirilgan. Foydalanuvchi uni kerakli funksiyani tez ishga tushirish yoki favqulodda vaziyatda SOS signalini yuborish uchun sozlashi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy A56 smartfoni uchun yangilanish chiqqani haqida yozgan edi.

Shuningdek