
Samsung kompaniyasining kelajakdagi Samsung Galaxy S27 va Galaxy S27 Plus flagman smartfonlari asosiy kamera uchun Sony sensori bilan jihozlanishi mumkin. Galaxy Club ma’lumotiga ko‘ra, har ikki modelda 50 MP aniqlikdagi Sony sensori qo‘llanadi.
Agar ma’lumot tasdiqlansa, bu Samsung kompaniyasining Galaxy S turkumida ko‘p yillardan so‘ng asosiy kamera uchun o‘zining ISOCELL sensori o‘rniga Sony mahsulotidan foydalanishi bo‘ladi. Kompaniya hozircha yangi qurilmalarning kamera xususiyatlarini rasman e’lon qilmagan.
Shu bilan birga, Galaxy S27 va S27 Plus’ning ultra keng burchakli kamerasi yangilanmasligi aytilmoqda. Har ikki smartfon avvalgi modellardagi kabi 12 MP sensor bilan jihozlanishi mumkin.
Natijada Samsung Galaxy S turkumida ultra keng burchakli kameraning bir xil aniqligidan sakkiz yil ketma-ket foydalanishi mumkin. Sensorning o‘lchami, optikasi yoki dasturiy qayta ishlash imkoniyatlari o‘zgarishi mumkin bo‘lsa-da, bu borada hozircha qo‘shimcha tafsilotlar yo‘q.
Galaxy S27 va S27 Plus’ning telefoto kamerasi haqida ham ma’lumot berilmagan. Qurilmalarning yakuniy kamera konfiguratsiyasi, boshqa texnik xususiyatlari va taqdimot muddati keyinroq ma’lum qilinishi kutilmoqda.
Brend haqida
Samsung Galaxy bitta smartfon turkumi emas, balki kompaniyaning mobil qurilmalar ekotizimini birlashtiruvchi umumiy brend hisoblanadi. Unga Galaxy S, Galaxy Z, Galaxy A, Galaxy M va Galaxy XCover smartfonlari bilan birga Galaxy Tab planshetlari, Galaxy Watch aqlli soatlari, Galaxy Buds quloqchinlari, Galaxy Ring aqlli uzugi hamda Galaxy Book noutbuklari kiradi. Ushbu qurilmalar Samsung akkaunti, ilovalar va o‘zaro ma’lumot almashish funksiyalari orqali bir-biriga bog‘lanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung kompaniyasi yangi qurilmalarini taqdim etgani haqida yozgan edi.