Lifestyle

Erta so‘ngan yulduz: Neymar «garaji»da qanday avtomobillar bor

Futbolchi noodatiy transport vositalariga ham qiziqadi
Foto: depositphotos.com

Braziliyalik futbolchi Neymar qimmatbaho sport avtomobillari bilan birga noodatiy transport vositalariga ham qiziqadi. Biroq uning hozirgi garajidagi mashinalarning rasmiy va to‘liq ro‘yxati e’lon qilinmagan. Ochiq manbalarda yaqinda xarid qilingan avtomobillar bilan futbolchi turli yillarda egalik qilgan yoki foydalangan modellar birga tilga olinadi.

Ferrari Purosangue – yangi xaridlardan biri

Foto: Avtoweek

Neymar 2025-yilda qora rangli Ferrari Purosangue xarid qilgan. Avtomobilning eshik ostonasidagi karbon qismiga futbolchining ismi yozilgan. Braziliyada mashina 7,5 – 7,7 mln real, o‘sha davrdagi kurs bo‘yicha qariyb $1,3 – 1,4 mlnga baholangan. 2026-yilda Neymar uyidagi garajni namoyish qilgan videoda ham aynan shu Ferrari ko‘ringan.

Purosangue – Ferrari tarixidagi dastlabki to‘rt eshikli va to‘rt o‘rindiqli model. Uning 6,5 litrli V12 dvigateli 725 ot kuchi ishlab chiqaradi. Avtomobil 100 km/soat tezlikka 3,3 soniyada chiqadi, maksimal tezligi esa 310 km/soatdan yuqori.

Hemilton raqami tushirilgan Porsche

Futbolchi 2025-yilda Porsche 911 GT3 RS avtomobilini ham sotib oldi. Mashina kuzoviga Formula-1 poygachisi Lyuis Hemilton foydalanadigan 44 raqami tushirilgan. Bu yozuv avtomobilning oldingi egasi tomonidan kiritilgan bo‘lsa-da, Hemilton bilan do‘stona munosabatlarga ega Neymar uchun mashinani tanlashdagi muhim jihatlardan biriga aylangan.

Porsche Braziliya bozorida o‘sha davrdagi kurs bo‘yicha taxminan $390 – 710 ming oralig‘ida baholangan. Model 525 ot kuchiga ega bo‘lib, 100 km/soatga 3,2 soniyada chiqadi va 296 km/soat tezlikka erisha oladi.

«Garaj»dagi eng noodatiy transport – Betmobil

Foto: Instagram/@ar12gamingofficial

Neymar kolleksiyasidagi eng noodatiy transport vositalaridan biri – «Qora ritsar» filmlaridagi Tumbler avtomobiliga o‘xshatib yaratilgan Betmobil nusxasi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, uning qiymati taxminan $1,5 mln bo‘lib, tayyorlash jarayoni qariyb uch yil davom etgan.

Taxminan 500 ot kuchiga ega V8 dvigatelli Betmobil umumiy foydalanishdagi yo‘llarda harakatlanish uchun ro‘yxatdan o‘tkazilmagan. Shu sababli Neymar undan faqat yopiq yoki shaxsiy hududlarda foydalanishi mumkin.

Futbolchi Ferrari modellarini ko‘p tanlagan

Foto: ilusso

Neymar 2015-yilda qizil rangli Ferrari 458 Spider sotib olib, bu xaridni bolalikdagi orzusining amalga oshishi deb atagan. Keyinchalik u to‘rt o‘rindiqli Ferrari GTC4Lusso modeliga ham egalik qilgan. Biroq bu avtomobillar hozir ham futbolchining garajida ekani haqida yangilangan ma’lumot mavjud emas.

Foto: roadandtrack

Ochiq manbalarda Neymar turli yillarda Porsche Panamera, Audi R8 Spyder, Audi RS7, Volvo XC60, Mini Cooper S va Volkswagen Beetle kabi avtomobillardan ham foydalangani qayd etilgan. Ulardan ayrimlari shaxsiy xarid qilingan, ayrim Audi modellari esa «Barselona» bilan homiylik aloqalari doirasida futbolchiga foydalanish uchun berilgan.

Bonus

Foto: Reprodução Falcom

Neymarning kolleksiyasi faqat avtomobillar bilan cheklanmaydi. Futbolchi uzoq masofali parvozlar uchun Dassault Falcon 900LX biznes-jetidan foydalanadi. Uch dvigatelli samolyot 14 nafargacha yo‘lovchini sig‘dira oladi va qariyb 8,8 ming kilometr masofani yonilg‘i to‘ldirmasdan bosib o‘tishi mumkin. OAV uning qiymatini $40 – 45 mln atrofida baholamoqda.

Neymarga Cessna Citation Sovereign samolyoti ham tegishli ekani qayd etilgan. Braziliyaning AERO Magazine nashriga ko‘ra, futbolchining mamlakatdagi havo transporti parkiga ikkita samolyot va bitta vertolyot kiradi.

Foto: GQ Globo

Futbolchining Airbus H145 vertolyoti esa Betmen uslubida bezatilgan. Qora rangli havo kemasining salonida superqahramon ramzlari bor, ro‘yxat raqami esa Neymarning bosh harflariga mos ravishda PP-NJR shaklida tanlangan. Qiymati $10 mln dan ortiq deb baholanadigan vertolyotdan futbolchi Rio-de-Janeyrodagi qarorgohi va «Santos» mashg‘ulot bazasi o‘rtasida qatnash uchun ham foydalangan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kilian Mbappening «garaji»da qanday avtomobillar borligi haqida xabar bergan edi.