Iyun oyida avtomobil savdosi 18 foizga o‘sdi

30-iyul 2026 17:17 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Eng kam shikoyatlar bo‘ladigan avtomobillar qaysi
Foto: SI yordamida yasalgan

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil iyun oyida O‘zbekistonda avtomobil bozorining barcha asosiy segmentlarida faollik oshdi. Oy davomida 80,2 mingdan ortiq avtotransport vositasi sotildi, bu may oyiga nisbatan 18 foizga ko‘p.

Hududlarning aksarida savdo oshdi

Iyun oyida respublikaning deyarli barcha hududlarida avtomobil savdosi o‘sdi. Pasayish faqat Jizzax viloyatida qayd etildi — bu hududda savdo may oyiga nisbatan 2,2 foizga kamaygan.

Eng yuqori o‘sish Surxondaryo viloyatida kuzatildi — 33,7%. Xorazm viloyatida savdo 32,6 foizga, Sirdaryoda 29 foizga, Samarqandda 28,3 foizga, Qashqadaryoda 26,2 foizga, Andijonda esa 26 foizga oshdi.

Toshkent shahrida avtomobil savdosi bir oyda 9 foizga ko‘payib, 17,9 mingta avtomobilni tashkil etdi. Poytaxtning respublika bo‘yicha umumiy savdodagi ulushi 22,3% bo‘ldi.

Yengil avtomobillar savdosi 14 foizga ko‘paydi

Iyun oyida yengil avtomobillar savdosi 61,4 mingta bo‘ldi. Bu may oyiga nisbatan 14 foizga yuqori ko‘rsatkich.

Yangi yengil avtomobillar, ya’ni birlamchi bozor savdosi 11 foizga oshib, 24 mingta avtomobilni tashkil etdi. O‘sishning asosiy qismi mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar hisobiga to‘g‘ri keldi. Ularning savdosi 12 foizga ko‘payib, 18,8 mingta bo‘ldi.

Chet elda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi esa 5,1 mingtani tashkil etdi. Bu may oyiga nisbatan 6,8 foizga ko‘p.

Ikkilamchi bozor tezroq o‘sdi

Iyun oyida ishlatilgan yengil avtomobillar savdosi 16 foizdan ortiq oshib, 37 mingdan ziyod avtomobilga yetdi.

Shu bilan birga, yengil avtomobillar bo‘yicha jami savdolarning taxminan 61 foizi ikkilamchi bozor hissasiga to‘g‘ri keldi. Bu segmentdagi o‘sish sur’ati birlamchi bozordagi 11 foizlik o‘sishdan yuqori bo‘ldi.

Biroq yilning birinchi yarmida ikkilamchi bozordagi umumiy manzara salbiyroq qolmoqda. 2026-yil yanvar–iyun oylarida ishlatilgan yengil avtomobillar savdosi qariyb 240 mingtani tashkil etdi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18 foizga kam.

Yangi avtomobillar yarim yillikda 3,5 foizga oshdi

2026-yilning birinchi yarim yilligida yangi yengil avtomobillar savdosi 157 mingtaga yetdi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 3,5 foizga yuqori.

Iyun oyidagi o‘sish esa birlamchi bozorda talab qayta faollashayotganini ko‘rsatmoqda.

Elektromobillar savdosi 63,5 foizga sakradi

Eng yuqori o‘sish elektromobillar segmentida kuzatildi. Iyun oyida birlamchi va ikkilamchi bozorlarda jami 8,4 mingta elektromobil sotildi. Bu may oyiga nisbatan 63,5 foizga ko‘p.

2026-yilning yanvar–iyun oylarida esa 40 mingdan ortiq elektromobil sotilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizga yuqori.

Elektromobil bozorida Toshkent yetakchi

Elektromobillar savdosining asosiy qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Iyun oyida poytaxtda 5,3 mingta elektromobil sotilgan.

Bu may oyiga nisbatan 78 foizga ko‘p. Toshkent shahrining elektromobillar bozoridagi ulushi iyun oyida qariyb 63 foizni tashkil etdi.

Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish Jizzax viloyatida qayd etildi — 101 foiz. Buxoroda elektromobil savdosi 64,6 foizga, Farg‘onada esa 58,5 foizga oshdi. Pasayish faqat Sirdaryo viloyatida kuzatildi — 2,9 foiz.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy avtomobillarining qay biri ishonchli ekani haqida xabar berilgandi. Muhokama ikki-uch yildan beri foydalanilayotgan mashinalar tajribasi atrofida kechdi: ayrimlar jiddiy nosozlik ko‘rmaganini aytsa, boshqalar kafolat muddati tugagandan keyingi holat bo‘yicha savollar borligini ta’kidladi.

Shuningdek