Britaniyada og‘riqsiz tatuirovka texnologiyasi yaratildi

31-iyul 2026 16:39 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Britaniyada og‘riqsiz tatuirovka texnologiyasi yaratildi
Foto: CipherX

Buyuk Britaniyaning CipherX startapi o‘zini dunyodagi birinchi og‘riqsiz tatuirovka tizimi deb taqdim etayotgan yangi texnologiyani namoyish qildi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Tizim maxsus stansiya, qo‘l aplikatori va tanlangan tasvir tushirilgan plastirdan iborat. Rasm pigment bilan to‘ldirilgan minglab mikroignalar yordamida hosil qilinadi. Plastir aplikator bilan teriga bosilgach, u 10–15 daqiqa davomida terida qoladi. Shu vaqt ichida mikroignalar erib, pigmentni teriga o‘tkazadi.

Tatuirovka bir necha kunda aniq ko‘rina boshlaydi

Plastir olib tashlanganidan so‘ng tatuirovka dastlab xira ko‘rinadi. Biroq bir necha kun ichida pigment to‘liq namoyon bo‘lib, rasm yakuniy ko‘rinishini oladi.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, bunday tatuirovkadan keyingi parvarish odatiy usuldagiga qaraganda osonroq. Maxsus bog‘lam kerak bo‘lmaydi, faqat dastlabki bir sutka davomida terini toza saqlash hamda vaqtincha sauna va sport mashg‘ulotlaridan voz kechish tavsiya etiladi.

Texnologiya qo‘rquv sabab yaratilgan

CipherX asoschisi Ferdinand Kole loyihani 2020-yilda yo‘lga qo‘ygan. U ilgari dizayn va farmatsevtika sohasida ishlagan hamda qon va ignalardan qo‘rqishi sabab mikroignalar texnologiyasiga qiziqib qolgan.

Foto: CipherX

Shundan so‘ng u kosmetologiyada qo‘llanilayotgan mikroignalar yordamida tatuirovka qilish jarayonini tubdan o‘zgartirish mumkinligini tadqiq eta boshlagan.

Hozircha faqat kichik rasmlar mavjud

Texnologiya qariyb olti yillik ishlab chiqish jarayonidan so‘ng bozorga chiqarildi. Hozirda ushbu xizmatdan kompaniyaning Londondagi studiyasida foydalanish mumkin. Shuningdek, u ayrim tadbirlar va hamkorlik loyihalari doirasida ham taklif etiladi.

Foto: CipherX

Ayni paytda mijozlar uchun faqat kichik tayyor eskizlar — smayliklar, oddiy belgilar va boshqa ixcham tasvirlar mavjud. Kompaniya kelajakda professional tatuirovka ustalari bilan hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda, biroq texnologiya katta hajmdagi ishlarga emas, balki ramziy kichik tatuirovkalarga mo‘ljallangan.

Kelajakda tibbiyotda ham qo‘llanishi mumkin

Foto: CipherX

CipherX an’anaviy tatuirovka usullarini almashtirishni maqsad qilmaganini ta’kidladi. Shu bilan birga, kompaniya kelajakda texnologiyani tibbiyotda ham qo‘llashni rejalashtirmoqda. Xususan, tana harorati, ultrabinafsha nurlanish darajasi yoki boshqa ko‘rsatkichlarga qarab rangini o‘zgartiradigan tibbiy tatuirovkalarni yaratish ustida ishlash rejalashtirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan yozning eng trend yubkasi ma’lum bo‘lgani haqida yozgandi.

Shuningdek