
OnePlus Hindistonda yangi OnePlus N6x smartfonini rasman namoyish qildi. Qurilmaning asosiy jihati 7000 mA/soat sig‘imli katta akkumulyator. Smartfon narxi $200 dan boshlanadi.
7000 mA/soat sig‘imli batareya smartfonni uzoq vaqt ishlatish imkonini beradi. Biroq quvvatlash tezligi yuqori emas atigi 15 vatt. Shu sabab qurilmani to‘liq quvvatlash ko‘proq vaqt olishi mumkin.
Smartfonda Bypass Charging rejimi ham bor. Bu funksiya, masalan, o‘yin vaqtida qurilmani bevosita quvvat adapteridan oziqlantiradi va batareya qizishini kamaytirishga yordam beradi.
Ekran 120 Gts chastotada ishlaydi

Smartfon 6,8 dyuymli IPS ekran bilan taqdim etildi. Displey HD+ aniqlikka ega va 120 Gts yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Ekranning maksimal yorqinligi 900 nitni tashkil etadi.
OnePlus N6x MediaTek Dimensity 6360 Apex platformasida ishlaydi. Qurilma Android 16 operatsion tizimi va OxygenOS 16 interfeysi bilan keladi.
Asosiy kamera 13 megapikselli sensor bilan jihozlangan. Old kamera esa 5 megapikselli.
Himoya va boshqa imkoniyatlar

Smartfonda 5300 mm² maydonga ega bug‘lanish kamerasi, IP64 darajasidagi chang va suvdan himoya, yon tomonga joylashtirilgan barmoq izi skaneri bor.
Shuningdek, qurilma 3,5 mm quloqchin ulagichi, Wi-Fi 5 va Bluetooth 5.3’ni qo‘llab-quvvatlaydi.
Narxi $200 dan boshlanadi
OnePlus N6x ikki xil xotira talqinida sotuvga chiqadi. 4/64 GB versiyasi $200, 4/128 GB versiyasi esa $220 etib belgilangan.
Smartfon o‘lchamlari 166,38×78,13×8,65 mm, vazni esa 214 grammni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq OnePlus uzoq ishlash muddati va tezkor quvvatlash imkoniyatlariga ega yangi budjet smartfoni OnePlus N6’ni rasman taqdim etgandi.