Gadjetlar

Redmi K100 Pro qachon taqdim etilishi ma’lum qilindi

Yangi smartfonlar taqdimoti 11-avgust kuni bo‘lib o‘tadi
Redmi K100 Pro qachon taqdim etiladi
Foto: Redmi

Xiaomi Redmi K100 Pro seriyasidagi yangi smartfonlar taqdimoti 11-avgust kuni bo‘lib o‘tishini rasman e’lon qildi, deya xabar berdi IT Home. Kompaniya rahbari Lu Veybing yangi qurilmalarni «maksimal imkoniyatlarga ega flagmanlar» deb atadi.

Ikki model taqdim etiladi

Yangi seriyaga Redmi K100 Pro va Redmi K100 Pro Max modellari kiradi. Redmi K100 Pro universal flagman sifatida taqdim etiladi.

Redmi K100 Pro Max esa eng talabchan foydalanuvchilar, ayniqsa, mobil o‘yinlarni yaxshi ko‘radiganlar uchun mo‘ljallangan model bo‘ladi.

Snapdragon 8 Elite Gen 5 kutilmoqda

Foto: Redmi

Avvalroq Xiaomi yangi smartfonlarning ayrim texnik xususiyatlarini ochiqlagan edi. Qurilmalar Qualcomm Snapdragon 8 Elite Gen 5 chipi bilan jihozlanishi kutilmoqda.

Smartfonlarda 6,59 va 6,9 dyuymli displeylar bo‘ladi. Ekran yangilanish chastotasi 185 Gtsni tashkil etadi.

Xiaomi Super Pixel texnologiyasidan foydalanishini ham bildirgan. Kompaniyaga ko‘ra, bu texnologiya 2K sifatiga yaqin tasvirni 1K ekranga xos energiya sarfi bilan ta’minlaydi.

Pro Max versiyasi 200 MP kamera olishi mumkin

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Redmi K100 Pro Max 200 megapikselli asosiy kamera bilan jihozlanadi.

Shuningdek, smartfonda 50 megapikselli periskop teleobyektiv, 9000 mA/soatdan katta akkumulyator, 100 vattli simli va 50 vattli simsiz quvvatlash bo‘lishi kutilmoqda.

Yangi rang va yorug‘lik halqasi ko‘rsatildi

Foto: Redmi

Xiaomi Redmi K100 Pro Max modelini Cabernet Red nomli yangi rangda ham namoyish qildi.

Smartfon korpus rangiga mos metall rom, yagona kamera bloki va fotomodul atrofidagi yorug‘lik halqasiga ega. Bu halqa musiqa, kiruvchi qo‘ng‘iroqlar, bildirishnomalar va kompaniyaning AI yordamchisi bilan sinxron ishlashi mumkin.

Suvdan himoya va Bose audiosi kutilmoqda

Redmi K100 Pro Max’da ultratovushli barmoq izi skaneri, IP69K darajasidagi suvdan himoya va Bose bilan hamkorlikda sozlangan 2.1 audio tizimi bo‘lishi kutilmoqda.

Xiaomi rahbari yangi seriya xotira va boshqa muhim komponentlar narxi oshayotgan sharoitda ishlab chiqilganini ta’kidladi. Shunga qaramay, kompaniya imkoniyatlarni qisqartirmasdan, qurilmalarni yanada raqobatbardosh qilishga qaror qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Redmi Note 17 Pro Max 5G smartfonining global versiyasi Tailandning NBTC sertifikatlash bazasida paydo bo‘lgandi. Regulyator hujjatlarida 26081RA18G va 2609FRA74G indekslariga ega ikkita qurilma qayd etilgan. Ularning tijoriy nomlari Redmi Note 17 5G va Redmi Note 17 Pro Max 5G ekani tasdiqlandi.