
Redmi 17 5G smartfonining xalqaro bozor uchun mo‘ljallangan versiyasiga oid tasvirlar va texnik xususiyatlar internetda paydo bo‘ldi. Qurilma 6,9 dyuymli IPS ekran, 7 500 mA/soat sig‘imli akkumulyator va IP64 himoya darajasiga ega bo‘lishi mumkin.
Texnik xususiyatlar
Smartfon ekranining aniqligi 1600 × 720 pikselni tashkil etib, yangilanish tezligi vaziyatga qarab 60, 90 yoki 120 Gtsga moslashadi. Displeyning odatiy yorqinligi 675 nit, yuqori yorqinlik rejimida esa 825 nitgacha yetishi aytilmoqda.
Redmi 17 5G Snapdragon 4 Gen 5 protsessorida ishlashi, dasturiy platforma sifatida esa Android 16 asosidagi HyperOS 3.0 tizimidan foydalanishi kutilmoqda. 7 500 mA/soatli batareya qurilmaning 78 soatdan ortiq ishlashini ta’minlashi mumkin. Akkumulyator USB-C orqali 45 vattli tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.

Kamera va o‘lchamlar
Asosiy kamera 50 megapikselli, old kamera esa 8 megapikselli sensor bilan jihozlanishi mumkin. Qurilma ikkita SIM-kartada 5G aloqa, Wi-Fi 5, Bluetooth 5.1 va NFC texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda. Shuningdek, unda stereo karnaylar, 3,5 millimetrli quloqchin uyasi, yon tomonda joylashgan barmoq izi skaneri, Gorilla Glass 7i himoya oynasi va bildirishnomalar uchun RGB indikator bo‘lishi mumkin.
Smartfonning o‘lchamlari 170,12 × 74,42 × 8,8 millimetrni, og‘irligi esa 235 grammni tashkil etishi aytilmoqda. Redmi 17 5G qora, ko‘k va to‘q sariq ranglarda sotuvga chiqarilishi mumkin. To‘q sariq talqin teksturali orqa panelga ega bo‘lishi kutilmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 4 GB tezkor va 128 GB ichki xotirali versiya narxi qariyb 250 yevro bo‘ladi. Hozircha Xiaomi ushbu xususiyatlar va narxni rasman tasdiqlamagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Redmi Turbo 6 Max qanday imkoniyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edi.