Chevrolet avtomobili sinovda yuqori natija ko‘rsatdi

5-avgust 2026 15:12 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet avtomobili sinovda yuqori natija ko‘rsatdi
Foto: Chevrolet

Chevrolet Blazer EV elektromobili Cars.com nashrining bolalar avtokreslolarini o‘rnatish qulayligi bo‘yicha sinovida yuqori natija qayd etdi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.

Model tekshiruvdan o‘tkazilgan 56 ta avtomobil orasidan eng yaxshi natija ko‘rsatgan 12 ta transport vositasi qatoriga kirdi.

Cars.com mutaxassislari 2025 va 2026 model yiliga mansub avtomobillarni bolalar xavfsizligi bo‘yicha sertifikatga ega mutaxassislar ishtirokida sinovdan o‘tkazdi. Barcha yo‘nalishlarda eng yuqori «A» bahosini faqat Mercedes-Benz GLS580 va Volkswagen Tiguan oldi. Chevy Blazer EV esa beshta mezondan to‘rttasida «A», bittasida «B» bahosini qayd etdi.

Foto: Chevrolet

Sinov qanday o‘tkazildi

Elektromobilning Latch mahkamlash tizimi, chaqaloqlar uchun kreslo, harakat yo‘nalishiga teskari va oldinga qaratib o‘rnatiladigan kreslolar bo‘yicha imkoniyatlari yuqori baholandi. Sinovchilar pastki mahkamlash nuqtalariga yetib borish osonligi, yuqori tasma ilgaklari aniq belgilanganini va ikkinchi qatordagi bo‘sh joy yetarli ekanini qayd etdi.

Foto: Chevrolet

Chaqaloqlar uchun hamda orqaga qaratilgan kreslolarni o‘rnatish old yo‘lovchining oyoqlari uchun ajratilgan joyni sezilarli qisqartirmagan. Bu kichik yoshdagi farzandlari bor oilalar uchun muhim qulaylik sifatida baholandi.

Blazer EV faqat buster kreslosi bo‘yicha «B» bahosini oldi. Bunga xavfsizlik kamari qulflarini bolalarning mustaqil ushlashi qiyinligi sabab bo‘ldi. Shuningdek, avtomobilning ikkinchi qatoriga yonma-yon uchta bolalar kreslosini joylashtirishning imkoni bo‘lmadi.

Bu nimani anglatadi

Foto: Chevrolet

Cars.com yangiliklar muharriri va bolalar yo‘lovchilari xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis Jennifer Gaygerning ta’kidlashicha, avtokresloni murakkab tarzda o‘rnatish nafaqat kundalik noqulaylik tug‘diradi, balki bolaning xavfsiz mahkamlanishiga ham ta’sir qilishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, sinovlar ota-onalarga avtomobilni xarid qilishdan avval uning oilaviy foydalanishga qanchalik mosligini aniqlashga yordam beradi.

Sinov natijalari Chevrolet Blazer EV kundalik foydalanish qulayligi, keng salon va bolalar kreslolarini o‘rnatishga mosligi bilan oilaviy elektromobil izlayotgan xaridorlar uchun munosib variant ekanini ko‘rsatdi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Onix Activ 2027 rasman sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.

Shuningdek