Redmi K100 Pro qanday imkoniyatlarni oladi

5-avgust 2026 13:52 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Redmi K100 Pro qanday imkoniyatlarni oladi
Foto: ITHome

Xiaomi kompaniyasi 11-avgust kuni taqdim etiladigan Redmi K100 Pro flagman smartfonining asosiy texnik xususiyatlarini ochiqladi. Bu haqda ITHome xabar berdi.

Qurilma 8580 mA/soat sig‘imli batareya, 100 Vt quvvatlash texnologiyasi, 200 MP kamera hamda Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori bilan jihozlanadi.

Batareyada kremniy miqdori 26 foizga yetadi

Redmi K100 Pro’da kremniy-uglerod texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan 8580 mA·soat sig‘imli akkumulyator qo‘llanadi. Batareya tarkibidagi kremniy ulushi 26 foizni, energiya zichligi esa bir litrga 945 Vt/soatni tashkil etadi.

Xiaomi ushbu yechim smartfonning quvvat manbayiga ulanmasdan uzoq vaqt ishlashini ta’minlashga qaratilganini bildirdi.

Foto: Redmi

Qurilma 100 Vt quvvatli simli va 50 Vt quvvatli simsiz quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, smartfon boshqa qurilmalarni kabel orqali 27 Vt, simsiz usulda esa 22,5 Vt quvvat bilan zaryadlay oladi.

Asosiy kamera 200 MP sensorga ega bo‘ladi

Redmi K100 Pro’ning orqa panelida uchta moduldan iborat kamera tizimi joylashtiriladi. Asosiy kamera 200 megapikselli sensor va optik tasvir barqarorlashtirish tizimi bilan jihozlanadi.

Smartfon eng kamida 10 santimetr masofadan telemakro tasvirga olish imkoniyatini ham taqdim etadi. Kamera tizimida Xiaomi’ning professional suratga olish uchun mo‘ljallangan Master rejimi ham mavjud bo‘ladi.

Foto: Redmi

AnTuTu natijasi 4,09 mln balldan oshdi

Xiaomi Redmi K100 Pro’da Snapdragon 8 Elite Gen 5 platformasidan foydalanilishini tasdiqladi. Ishlab chiqaruvchining laboratoriya sinovlariga ko‘ra, smartfon AnTuTu testida 4,09 mln balldan yuqori natija qayd etgan.

Qurilmada grafikalarni qayta ishlashga mo‘ljallangan alohida sun’iy intellekt chipi ham qo‘llanadi. Yuqori yuklama vaqtida haroratni nazorat qilish uchun smartfon katta bug‘lanish kamerasi asosidagi sovitish tizimi bilan ta’minlanadi.

Redmi K100 Pro’ning rasmiy taqdimoti 2026-yil 11-avgust kuni bo‘lib o‘tadi. Kompaniya tadbir davomida qurilmaning ekrani, xotira turlari, narxi va sotuvga chiqarilish muddatlarini ham e’lon qilishi kutilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Redmi 17 5G qanday xususiyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edi.

Shuningdek