
GWM Xitoy bozorida Haval GWM H10 nomli yangi flagman yo‘ltanlamasini sotuvga chiqardi. Bu haqda Autohome nashri xabar bermoqda.
To‘liq uzatmali avtomobil 598 ot kuchiga ega gibrid tizim, besh yoki olti o‘rindiqli keng salon hamda bir marta yonilg‘i quyish va quvvatlash orqali 1,4 ming kilometrgacha yurish imkoniyatini taklif etadi.
Katta kuzov va keng salon
H10 klassik to‘rtburchak shakldagi yo‘ltanlamas dizaynida yaratilgan. Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, avtomobil tashqi ko‘rinishini ishlab chiqishda qadimgi Xitoyning bronza idishidan ilhom olingan. Xaridorlarga kuzovning beshta rang varianti, jumladan, ikki rangli ko‘rinishlar taklif qilinadi.

Avtomobil uzunligi 5 138 millimetrni, orqa eshikdagi zaxira g‘ildirak bilan esa 5 299 millimetrni tashkil etadi. Uning eni 2 050 millimetr, balandligi 1 970 millimetr, g‘ildirak bazasi esa 3 000 millimetrga teng. Yo‘l oralig‘i 220 millimetrni tashkil qiladi.
Salonda 10,25 dyuymli raqamli asboblar paneli, 15,6 dyuymli multimedia ekrani va 29 dyuymli proyeksion displey o‘rnatilgan. Old o‘rindiqlar elektr sozlamalari, isitish, shamollatish va massaj funksiyalariga ega. Ikkinchi qatordagi yo‘lovchilar uchun 17,3 dyuymli shift ekrani ham ko‘zda tutilgan.
598 ot kuchli gibrid tizim

H10 avtomobiliga Hi4 gibrid tizimi o‘rnatilgan. U 167 ot kuchiga ega 1,5 litrli turbomotor va ikkita elektr dvigateldan tashkil topgan. Tizimning umumiy quvvati 598 ot kuchiga yetadi.
Flagman yo‘ltanlamas soatiga 100 kilometr tezlikka 4,9 soniyada erishadi. Sig‘imi 42,8 kVt·soat bo‘lgan batareya CLTC standarti bo‘yicha avtomobilning elektr energiyasida 232 kilometrgacha harakatlanishini ta’minlaydi. Gibrid tizimdan foydalanganda umumiy yurish masofasi 1 404 kilometrga yetadi.

Tezkor quvvatlash tizimi orqali batareyani 15 daqiqada taxminan 126 kilometr masofaga yetadigan darajada quvvatlash mumkin.
27 ta datchik va yettita harakat rejimi
Avtomobil Coffee Pilot 3 haydovchiga yordam berish majmuasi bilan jihozlangan. Tizim tarkibida 27 ta datchik mavjud. Salonda yettita xavfsizlik yostiqchasi, jumladan, old o‘rindiqlar orasidagi markaziy yostiqcha va barcha qatorlarni himoya qiluvchi yon pardalar o‘rnatilgan.

H10 shuningdek, 21 ta dinamik, Dolby Atmos texnologiyasi va 1 560 Vt maksimal quvvatga ega Coffee AI Sound audio tizimini olgan.
Yo‘ltanlamas adaptiv EDC amortizatorlari, mustaqil osma, iTVC aylantiruvchi kuchni taqsimlash tizimi va orqa differensialning elektron blokirovkasi bilan jihozlangan. Haydovchi qor, qum va loy uchun mo‘ljallangan rejimlarni o‘z ichiga olgan yettita harakat rejimidan foydalanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Haval H10 modelini taqdim etgani haqida yozgan edi.