
Kursiv Uzbekistan muxbiri Toshkentdagi Sergeli avtomobil bozoriga borib, qimmatroq segmentdagi foydalanilgan avtomobillar narxlarini o‘rgandi. Bozorda ayniqsa Kia, BYD va mahalliy ishlab chiqarilgan Chevrolet modellari ko‘p uchraydi.
Sotuvga qo‘yilgan avtomobillarning aksariyati deyarli yangi holatda. Ularning ko‘pchiligi 30–40 ming kilometrdan ko‘p yurmagan, ayrim avtomobillarning yurish masofasi esa atigi bir necha ming kilometrni tashkil qiladi.
BYD: ixcham Seagull’dan Song Plus’gacha

Poytaxtdagi avtomobil bozorida Xitoyning BYD kompaniyasiga tegishli avtomobillar eng ko‘p uchraydigan modellardan bo‘lib qolmoqda.
30 ming kilometrgacha yurgan BYD Song Plus krossoverini 320–340 mln so‘mga sotib olish mumkin. Kichikroq BYD Atto 3 narxi komplektatsiyasi va holatiga qarab 260–320 mln so‘mni tashkil etadi.
Brendning eng hamyonbop elektromobili BYD Seagull bo‘lib, uning narxi taxminan 160 mln so‘mdan boshlanadi. BYD Chazor sedanini esa 250 mln so‘m atrofida xarid qilish mumkin.
Kia: eng arzoni Sonet, eng qimmati EV4

Kia avtomobillari orasida eng arzon variant ixcham Sonet krossoveri bo‘ldi. Uning narxi 150 mln so‘m atrofida.
Foydalanilgan Kia K3 sedanini 180 mln so‘mga, Sportage krossoverini esa 380 mln so‘mdan boshlangan narxda topish mumkin.
Sergeli bozorida uchragan eng qimmat avtomobil esa to‘liq elektrda harakatlanuvchi Kia EV4 bo‘ldi. Uning narxi qariyb 400 mln so‘mni tashkil etadi.
Chevrolet: Captiva’dan Malibu’gacha

Chevrolet avtomobillari orasida nisbatan hamyonbop modellardan biri Monza bo‘lib, uning narxi 170–200 mln so‘m oralig‘ida.
Tracker krossoverining 2023–2025-yillarda ishlab chiqarilgan, 40 ming kilometrgacha yurgan modellari 180–240 mln so‘mga taklif qilinmoqda.
Malibu narxi uning avlodi va komplektatsiyasiga bog‘liq. Bozordagi takliflarning aksariyati 220–350 mln so‘m oralig‘ida. Ularning ko‘pchiligi kam haydalgan avtomobillar.
Captivaning foydalanilgan modellari esa ancha arzon. Dastlabki yillarda ishlab chiqarilgan avtomobillarni 110 mln so‘mdan topish mumkin. Yangiroq versiyalari esa 140–250 mln so‘mga baholanmoqda.

Sergeli bozorida deyarli yangi avtomobillar ko‘paymoqda
Kursiv Uzbekistan kuzatuvlariga ko‘ra, Sergeli bozori tobora deyarli yangi xorijiy avtomobillar sotiladigan maydonga aylanib bormoqda. Avtomobillarning katta qismi kam yurgan va yaxshi texnik holatda. Ko‘plab mashinalar bundan atigi bir-ikki yil avval ishlab chiqarilgan.
Bu xaridorlarga yangi avtomobilga nisbatan arzonroq narxda, resursining katta qismi saqlanib qolgan nisbatan yangi mashina sotib olish imkonini beradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan muxbiri Toshkentning Sergeli tumanidagi avtomobil bozorida bo‘lib, biznes uchun mo‘ljallangan ommabop minivenlar va ixcham tijorat avtomobillari narxlarini o‘rgangandi.