Chevrolet brendi Xitoy bozoridan chiqmoqda

7-avgust 2026 13:38 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Chevrolet brendi Xitoy bozoridan chiqmoqda
Foto: GM Authority

General Motors Xitoy bozoridagi yangi rejalarida Chevrolet brendi o‘rin olmasligini ma’lum qildi. GM Authority’ga ko‘ra, kompaniya endi Xitoyda asosiy e’tiborni Buick va Cadillac brendlariga qaratadi.

General Motors Xitoyning SAIC Motor kompaniyasi bilan SAIC-GM qo‘shma korxonasi bo‘yicha strategik hamkorlikni yana 20 yilga uzaytirish haqida kelishuv imzoladi.

Shu bilan birga, kompaniya Xitoy bozoridagi biznes yo‘nalishini qayta ko‘rib chiqdi. Yangi rejada Buick va Cadillac brendlarini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat beriladi.

Chevrolet yangi mahsulot rejasiga kiritilmadi

Foto: GM Authority

GM’ning Xitoydagi asosiy qo‘shma korxonasi bozorda yangi Chevrolet avtomobillarini sotishni rejalashtirmayapti. Brend kelajakdagi mahsulot va o‘sish strategiyasidan chiqarilgan.

Bu Chevrolet’ning Xitoy bozoridan bosqichma-bosqich chiqishi haqidagi avvalgi taxminlarni tasdiqlaydi. Brend so‘nggi ikki yildan ortiq vaqt davomida mamlakatda yangi model taqdim etmagan.

So‘nggi model Tahoe bo‘lgan

Chevrolet’ning Xitoyda so‘nggi yangi modeli 2024-yilda olib kirilgan yangilangan Chevrolet Tahoe bo‘lgan. U hozir faoliyatini to‘xtatgan The Durant Guild sho‘ba tuzilmasi orqali import qilingan.

Avvalroq kompaniya vakillari Chevrolet’dan voz kechilmasligini bildirgan edi. Biroq SAIC-GM qayta tuzilish jarayonidan beri brendga investitsiyalarni qisqartirib borgan.

Sotuvdan keyingi xizmat saqlanadi

Foto: GM Authority

GM Xitoyda ilgari sotilgan millionlab Chevrolet avtomobillariga sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatishni davom ettirishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, kompaniya ayrim Chevrolet modellarini Xitoydagi boshqa qo‘shma korxonasi — SAIC-GM-Wuling orqali ishlab chiqarib, eksport qilishda davom etadi.

Raqobat Chevrolet uchun qiyinlashgan

Chevrolet’ning Xitoydagi yangi rejalardan chetda qolishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan kuchli raqobat fonida yuz bermoqda. Xitoy kompaniyalari xaridorlarga arzonroq va raqobatbardoshroq avtomobillar taklif qilmoqda.

Bundan tashqari, Chevrolet GM’ning Xitoydagi strategiyasida hech qachon yetakchi o‘rinda bo‘lmagan. Brend Buick’ning ommabop modellari va Wuling’ning arzon yangi energiya avtomobillari fonida ikkinchi darajali rolga tushib qolgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet yangi avlod sport modelini chiqarishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. GM Authority ma’lumotiga ko‘ra, model ichki yonuv dvigateli, orqa g‘ildirakdan tortish tizimi va mexanik uzatma varianti bilan chiqishi mumkin.

Shuningdek