
«Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanov klub bilan shartnomasini 2031-yilgacha uzaytirganidan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi. Bu haqda Championat nashri ma’lum qildi.
O‘zbekistonlik futbolchi Manchesterda qolayotganidan xursand ekanini aytib, endi asosiy tarkibda o‘z o‘rnini mustahkamlashni maqsad qilganini ta’kidladi.
«Bu men va oilam uchun ajoyib kun. «Siti»dagi faoliyatimni uzaytirganimdan juda xursandman. Manchesterga kelganimdan beri har bir daqiqadan zavq oldim va futbolchi sifatida o‘sayotganimni, ko‘p narsalarni o‘rganayotganimni his qilyapman», — dedi Husanov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi shartnoma imzolanganidan keyin oldida yana bir muhim vazifa turibdi.

«Endi oldimda yangi vazifa — Enzo Mareska va uning murabbiylar shtabida yaxshi taassurot qoldirish hamda asosiy tarkibdan joy olish turibdi. Men bunga erishishga qat’iy qaror qilganman», — deya qo‘shimcha qildi himoyachi.
Haftasiga 100 ming funt
«Manchester Siti» Husanov bilan yangi kelishuvning moliyaviy tafsilotlarini rasman oshkor qilmagan. Biroq futbolchilarning shartnomalari va ish haqi bo‘yicha ma’lumotlarni yurituvchi Capology platformasiga ko‘ra, o‘zbekistonlik himoyachining yillik bazaviy daromadi bonuslar hisobga olinmagan holda 6–6,2 mln yevroga yetgan.

Platforma hisob-kitobiga ko‘ra, Husanovning bazaviy maoshi yiliga 5,2 mln funt sterlingni tashkil etadi. Bu haftasiga 100 ming funt yoki amaldagi kurs bo‘yicha qariyb $134,5 mingga teng.
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi «Manchester Siti» bilan amaldagi kelishuvini uzaytirib, 2031-yilgacha mo‘ljallangan yangi shartnomaga imzo chekdi.
Premyer-ligada o‘ynagan ilk o‘zbekistonlik

Abduqodir Husanov 2004-yil 29-fevralda Toshkentda tug‘ilgan. U futbolchilik faoliyatining dastlabki bosqichini «Bunyodkor» akademiyasida o‘tkazgan, professional futbolda esa Belarusning «Energetik-BGU» klubi safida o‘zini ko‘rsata boshlagan.
2023-yilda Husanov Fransiyaning «Lans» klubiga ko‘chib o‘tdi. Uning Fransiyadagi o‘yinlari Yevropaning yetakchi klublari e’tiborini tortdi va 2025-yil yanvarida «Manchester Siti» o‘zbekistonlik himoyachini o‘z safiga qo‘shib oldi.
Shu tariqa Husanov Angliya Premyer-ligasida maydonga tushgan ilk o‘zbekistonlik futbolchiga aylandi. U O‘zbekiston milliy terma jamoasining ham asosiy himoyachilaridan biri hisoblanadi. Yangi shartnoma esa futbolchining «Manchester Siti»dagi faoliyatini 2031-yil yoziga qadar davom ettirishini nazarda tutadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Husanovning «Manchester Siti»dagi yangi maoshi ochiqlangani haqida yozgan edi.