Gadjetlar

Redmi Note 17 Pro Max Snapdragon 6 Gen 5 bilan chiqadi

Redmi Note 17 Pro Max Snapdragon 6 Gen 5 bilan chiqadi
Foto: Gizchina

Xiaomi’ning hali rasman taqdim etilmagan Redmi Note 17 Pro Max smartfoni Geekbench sinov platformasida paydo bo‘ldi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.

Ro‘yxat qurilmaning global versiyasi Snapdragon 6 Gen 5 protsessori, 8 GB tezkor xotira va Android 16 operatsion tizimi bilan jihozlanishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Geekbench bazasida smartfon 2609FRA74G model raqami bilan qayd etilgan. Model nomidagi «G» belgisi odatda Xiaomi qurilmalarining global bozor uchun mo‘ljallangan versiyalarida uchraydi. Avvalroq ayni model raqamiga ega qurilma Tailandning NBTC sertifikatlash bazasida ham ko‘ringan edi.

Texnik imkoniyatlar

Geekbench ma’lumotlariga ko‘ra, Redmi Note 17 Pro Max’da SM6850 indeksiga ega Snapdragon 6 Gen 5 chipi ishlatiladi. Protsessor to‘rtta 2,61 GGs chastotali yuqori unumdor yadro va to‘rtta 2,02 GGs chastotali energiya tejamkor yadrodan iborat. Grafikani Adreno 812 tezlatgichi qayta ishlaydi.

Smartfon bir yadroli Geekbench sinovida 924 ball, ko‘p yadroli testda esa 2 923 ball qayd etgan. Sinovdan o‘tgan qurilmada 8 GB tezkor xotira va Android 16 operatsion tizimi o‘rnatilgan.

Qo‘shimcha imkoniyatlar

Boshqa texnik xususiyatlar Geekbench orqali tasdiqlanmagan. Biroq avvalgi sizib chiqishlarga ko‘ra, Redmi Note 17 Pro Max 6,83 dyuymli 1,5K AMOLED ekran bilan jihozlanishi mumkin. Displeyning maksimal yorqinligi 3 500 nitgacha yetishi, ekran esa Gorilla Glass Victus 2 himoya oynasi bilan qoplanishi aytilmoqda.

Smartfonning yuqori konfiguratsiyasida 12 GB tezkor va 256 GB UFS 4.0 doimiy xotira bo‘lishi mumkin. Shuningdek, qurilmaga 9 200 mA/soat sig‘imli katta batareya va 100 Vt tezkor quvvatlash texnologiyasi berilishi kutilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Redmi Note 17 global bozorga chiqqani haqida yozgan edi.