Lionel Messining otasi Xorxe Messi 68 yoshida vafot etdi

8-avgust 2026 16:46 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir sardor.orifovich@gmail.com
Foto: marca.com

Mashhur futbolchi Lionel Messining otasi Xorxe Messi Argentinaning Rosario shahridagi shifoxonada uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng 68 yoshida vafot etdi. Bu haqda ommaviy axborot vositalari xabar berdi.

Xorxe Messi o‘g‘lining faoliyati boshlanishida juda muhim rol o‘ynagan. Bolaligida Lionelga o‘sish gormoni yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan va ushbu qimmatbaho davolanish muolajalari oila uchun jiddiy moliyaviy yukka aylangan edi. Aynan otasi o‘g‘lining terapiyasini to‘lash uchun mablag‘ va imkoniyatlar izlash bilan shug‘ullangan.

«Barselona» bilan kelishuv va Ispaniyaga ko‘chish

2000-yilda, Messi 13 yoshga to‘lganida, «Barselona» klubi uning davolanish xarajatlarini o‘z zimmasiga olishga rozi bo‘lgach, butun oila Ispaniyaga ko‘chib o‘tgan. Xorxe doimo o‘g‘lining yonida qolib, uning klubdagi faoliyatini davom ettirish qarorini to‘liq qo‘llab-quvvatlagan.

Xorxe Messining kasalligi haqida dastlab iyun oyida ma’lum bo‘lgan edi. O‘shanda oila a’zolari uning shifokorlar nazorati ostida ekani va ahvoli yaxshilanib borayotganini ma’lum qilgan.

Avvalroq Kursiv nashri Abduqodir Husanovning bobosi olamdan o‘tgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek