Gadjetlar

Apple uchta yangi Ultra qurilmasini tayyorlamoqda

Apple uchta yangi Ultra qurilmasini tayyorlamoqda
Foto: Depositphotos

Apple yaqin oylar ichida Ultra nomi ostida bir nechta yangi qurilmalarni taqdim etishi mumkin. Bu haqda Macrumors nashri ma’lum qildi.

Gap kompaniyaning ilk buklanadigan iPhone’i, yangi AirPods hamda OLED ekranli MacBook haqida ketmoqda.

Buklanadigan iPhone Ultra sentabrda chiqishi mumkin

Manbalarga ko‘ra, Apple’ning uzoq vaqtdan beri kutilayotgan birinchi buklanadigan smartfoni iPhone Ultra nomini olishi mumkin. Qurilmaning 2026-yil sentabr oyida taqdim etilishi kutilmoqda.

Foto: Macrumors

Agar ma’lumot tasdiqlansa, Apple shu tariqa Ultra nomini iPhone qatoriga ham olib kiradi. Hozir kompaniya bu nomdan asosan Apple Watch Ultra seriyasida foydalanadi.

Buklanadigan model Apple smartfonlari qatorida alohida, yuqori toifadagi qurilma sifatida joylashtirilishi kutilmoqda. Shu sababli uning odatiy Pro va Pro Max modellaridan yuqoriroq segmentga chiqarilishi mumkin.

AirPods Ultra sun’iy intellekt funksiyalarini oladi

Yana bir yangi mahsulot — AirPods Ultra quloqchinlari 2026-yil oxirigacha taqdim etilishi mumkin.

Foto: Macrumors

Manbaga ko‘ra, bu AirPods Max singari katta, quloq ustiga taqiladigan model emas. Tashqi ko‘rinishi va formati bo‘yicha qurilma AirPods Pro’ga yaqin bo‘lishi kutilmoqda.

Asosiy yangilik quloqchinlarga o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan kichik infraqizil kameralar bo‘ladi. Ular sun’iy intellektga asoslangan yangi imkoniyatlar hamda foydalanuvchining sog‘lig‘i bilan bog‘liq funksiyalarda ishlatilishi mumkin.

Bunday texnologiya AirPods’ni faqat musiqa tinglash uchun mo‘ljallangan aksessuardan Apple ekotizimidagi yangi turdagi aqlli qurilmaga aylantirishi mumkin.

MacBook Ultra OLED va sensorli ekran olishi kutilmoqda

Apple’ning uchinchi Ultra mahsuloti esa MacBook Ultra bo‘lishi mumkin. Uning 2027-yil boshida taqdim etilishi kutilmoqda.

Foto: Macrumors

Avvalroq mazkur noutbuklar yangi MacBook Pro avlodi sifatida chiqarilishi haqida ma’lumotlar tarqalgan edi. Yangi xabarlarda esa Apple ularni Ultra nomi bilan ajratishi mumkinligi aytilmoqda.

MacBook Ultra kompaniyaning OLED displeyga ega ilk noutbuklaridan biri bo‘lishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Apple MacBook tarixida ilk bor sensorli ekranni ham joriy qilishi mumkin.

Qurilmalarga M5 Pro va M5 Max chiplarining o‘rnatilishi, ekran atrofidagi ramkalar qisqarishi va hozirgi kesma o‘rniga ixchamroq Dynamic Island yechimi qo‘llanishi mumkin. Ayrim ma’lumotlarda MacBook Ultra Apple’ning o‘zida ishlab chiqilgan C2 modemini ham olishi ehtimoli qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Apple, Google va Amazon O‘zbekistonga kirishi uchun yo‘l ochilgani haqida yozgan edi.