Sport

Jorjina Rodriges qiziga Ronaldu bergan sovg‘ani hadya qildi

Jorjina Rodriges qiziga Ronaldu bergan sovg‘ani hadya qildi
Kollaj: Marca

Jorjina Rodriges ijtimoiy tarmoqlarda qiziga Kristianu Ronaldu bergan sovg‘ani hadya qilgani aks etgan yangi suratlarini e’lon qildi. Bu haqda Marca xabar bermoqda.

Mazkur uzukni Kristianu Ronaldu Jorjina Rodrigesga unashtiruv munosabati bilan sovg‘a qilgan. Mutaxassislar uning qiymatini $3 mln dan $6 mln gacha baholagan.

Qimmatbaho uzuk qizining qo‘lida paydo bo‘ldi

Foto: Instagram/ JR

Jorjina o‘zining MIMOA sport va kundalik kiyimlar brendiga tegishli yangi CAPRI kolleksiyasini namoyish etish uchun bir nechta surat joylashtirdi.

U kulrang shim, top va ustki kiyimdan iborat obrazda ko‘rinish berdi. Suratlar fonida Kristianu Ronalduning shaxsiy samolyoti ham aks etgan. Jorjina obrazini Hermès Birkin sumkasi va bo‘ynidagi xoch shaklidagi taqinchoq bilan to‘ldirgan.

Ammo eng ko‘p muhokamaga sabab bo‘lgan kadr oxirgi surat bo‘ldi. Unda uning qizlaridan biri o‘yinchoq chaqaloq bilan o‘ynab, Jorjinaga tegishli unashtiruv uzugini taqib olgan.

Bu taqinchoq nafaqat narxi, balki juftlik munosabatidagi ramziy ahamiyati bilan ham alohida o‘rin tutadi.

Uzukning narxi $6 mln gacha baholanadi

Foto: Instagram/ JR

Jorjina Rodrigesning unashtiruv uzugi trilogiya uslubida ishlangan. Uning markazida oval shaklda kesilgan yirik olmos, ikki yonida esa yana ikkita qimmatbaho tosh joylashgan. Toshlar platina halqaga o‘rnatilgan.

Zargarlik sohasi mutaxassislari va ixtisoslashgan nashrlar uzuk qiymatini $3 mln dan $6 mln gacha baholagan. Biroq Kristianu Ronaldu uning haqiqiy narxini ommaga ma’lum qilmagan.

Jorjina uzukni ilk bor 2025-yilda ko‘rsatgan

Foto: JR

Jorjina Rodriges ushbu uzukni 2025-yil 11-avgustda ommaga namoyish qilgan edi. O‘sha paytda u Kristianu Ronaldu bilan unashtirilganini ijtimoiy tarmoqlarda rasman e’lon qilgan.

U juftlik qo‘llari aks etgan suratni joylashtirib, turmush qurish taklifiga rozilik bildirgan. Shundan so‘ng qimmatbaho uzuk Ronaldu va Jorjina munosabatlarining eng taniqli ramzlaridan biriga aylandi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodrigesning sevgi hikoyasi haqida yozgan edi.