
Chevrolet kompaniyasi 2027-yilgi Chevrolet Equinox EV elektromobili uchun rasmiy onlayn konfiguratorni ishga tushirdi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.
Endilikda xaridorlar kompaniya saytida avtomobilning kerakli komplektatsiyasi va jihozlarini tanlab, uning yakuniy narxini hisoblashlari mumkin.
Yangi model avvalgi yilgi Equinox EV’dan keskin farq qilmaydi, biroq quvvatlash tizimi, salon jihozlari va ayrim qo‘shimcha imkoniyatlarda muhim o‘zgarishlar amalga oshirilgan.
NACS quvvatlash portiga o‘tildi
2027 Chevrolet Equinox EV’dagi asosiy yangiliklardan biri Shimoliy Amerika quvvatlash standarti — NACS portining o‘rnatilishidir. Avvalgi modelda CCS turidagi ulagichdan foydalanilgan.
Ushbu o‘zgarish Equinox EV’ni General Motors’ning boshqa yangi elektromobillari bilan bir xil quvvatlash standartiga o‘tkazadi. Chevrolet, shuningdek, J1772 AC va CCS1 tezkor DC quvvatlash stansiyalaridan foydalanish imkonini beradigan adapterlarni ham taklif qiladi. Uy sharoitida quvvatlash uchun NACS bilan mos yangi uskunalar ham mavjud bo‘ladi.
Shu bilan birga, 2027-yilgi modelda 19,2 kVt quvvatga ega bort AC quvvatlash moduli taklif etilmaydi. 2026-yilgi Equinox EV RS versiyasida ushbu qurilma ikki tomonlama quvvat uzatish imkoniyatini ham o‘z ichiga olgan qo‘shimcha paket tarkibida mavjud edi. Yangi modelda esa 11,5 kVt quvvatli bort quvvatlagichi standart sifatida qo‘llaniladi.
Salon dizaynida ham o‘zgarishlar bor
Chevrolet elektromobil saloniga ham ayrim yangiliklarni kiritdi. Equinox EV LT 2 versiyasidagi och ko‘k rangli dekorativ elementlar o‘rnini yangi Charcoal Gray — to‘q kulrang bezak egallaydi.
Bu o‘zgarish LT 1 va LT 2 versiyalari interyerini bir-biriga yanada yaqinlashtiradi. Bundan tashqari, 2027-yilgi Equinox EV salonidagi fon yoritish tizimiga yangi ranglar qo‘shilishi kutilmoqda. Bu haydovchiga interyer ko‘rinishini o‘z didiga moslashtirish uchun ko‘proq imkoniyat beradi.
Ishlab chiqarish Meksikada boshlandi
2027 Chevrolet Equinox EV avvalgidek General Motors’ning BEV3 platformasida ishlab chiqariladi. Model old g‘ildirakdan tortuvchi hamda to‘liq uzatmali variantlarda taklif etiladi.
Elektromobilni ishlab chiqarish GM’ning Meksikadagi Ramos Arispe zavodida yo‘lga qo‘yilgan. 2027 model yiliga mo‘ljallangan Equinox EV ishlab chiqarilishi 2026-yil 10-avgust kuni boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» Chevrolet Cobalt avtomobilining savdosi pasaygani haqida yozgan edi.