Xpeng G9L avtomobili qanday narxda sotiladi

12-avgust 2026 08:49 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Xpeng G9L avtomobili qanday narxda sotiladi
Foto: Xiaoliang Tongxue

Xitoyning Xpeng kompaniyasi yangi Xpeng G9L elektr krossoveriga oldindan buyurtmalarni qabul qilishni boshladi va modelning flagman versiyasi narxini ma’lum qildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Besh o‘rindiqli yirik krossover 259,8 ming yuan, ya’ni qariyb $38,5 ming turadi. Yangi model orqa g‘ildiraklarni burish tizimi, 755 kmgacha yurish zaxirasi, 88 dyuymli AR-HUD proyeksion displey, 33 ta dinamik hamda 2 250 TOPS hisoblash quvvatiga ega haydovchiga ko‘maklashuvchi tizim bilan jihozlangan.

Xpeng keyinchalik G9L’ning yana beshta arzonroq konfiguratsiyasini ham taklif qiladi. Ularning narxlari model rasman bozorga chiqarilishiga yaqin e’lon qilinadi.

G9L BMW X5’dan qariyb 20 sm uzunroq

Xpeng G9L uzunligi 5 120 mm, kengligi 1 999 mm va balandligi 1 782 mmni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 3 100 mmga teng. Taqqoslash uchun, yangi model BMW X5 G05’dan 198 mm uzunroq.

Foto: Xpeng

Krossover 20, 21 va 22 dyuymli g‘ildiraklar bilan taklif qilinadi. Xaridorlar yashil, binafsha, qora, oq va kulrang kuzov ranglaridan birini tanlashi mumkin.

Avtomobil yopiq old qism, faol havo kirish kanali, qiya tom chizig‘i, kuzovga yashirilgan eshik tutqichlari va sport uslubidagi orqa spoylerga ega. Uning aerodinamik qarshilik koeffitsiyenti 0,238 Cdni tashkil etadi.

G9L’ning yana bir muhim xususiyati — orqa g‘ildiraklarni burish tizimi. Shu sababli 5 metrdan uzun krossoverning burilish radiusi atigi 5,4 metrni tashkil etadi.

Elektr versiyasi 755 kmgacha yo‘l bosadi

Foto: Xpeng

Xpeng G9L to‘liq elektr BEV hamda benzin generatoriga ega EREV versiyalarida ishlab chiqariladi.

Boshlang‘ich elektr versiyada orqa o‘qqa o‘rnatilgan 270 kVt, ya’ni 362 ot kuchiga ega bitta elektromotor ishlatiladi. 91,9 kVt·soat sig‘imli LFP batareya avtomobilga CLTC sikli bo‘yicha 702 kmgacha yurish imkonini beradi. Krossover 0 dan 100 km/soatgacha 6,8 soniyada tezlashadi.

800 voltli arxitektura yordamida avtomobil batareyasiga to‘qqiz daqiqada 450 km yurishga yetadigan energiya to‘ldirish mumkin.

To‘liq uzatmali versiyada old o‘qqa yana 160 kVtli elektromotor qo‘shiladi. Tizimning umumiy quvvati 430 kVt yoki 577 ot kuchiga yetadi. 91,9 kVt/soatli batareya bilan ushbu variant 660 kmgacha yo‘l bosadi.

110 kVt·soatli kattaroq NMC batareyaga ega AWD versiyada esa yurish zaxirasi 755 kmga yetadi. U 100 km/soat tezlikka 4,45 soniyada chiqadi.

Gibrid versiya 1 602 kmgacha yuradi

Foto: Xpeng

G9L’ning EREV versiyasi standart ravishda to‘liq uzatma bilan jihozlanadi. Undagi ikkita elektromotorning umumiy quvvati 370 kVt yoki 496 ot kuchini tashkil qiladi.

63,3 kVt·soatli LFP batareya elektr rejimida 435 kmgacha yurish imkonini beradi. 1,5 litrli turbomotor esa g‘ildiraklarni bevosita harakatlantirmay, generator vazifasini bajaradi.

60 litrli yoqilg‘i baki bilan avtomobilning umumiy yurish zaxirasi CLTC sikli bo‘yicha 1 602 kmga yetadi. Ushbu versiya 0 dan 100 km/soatgacha 4,95 soniyada tezlashadi.

Salonda 88 dyuymli proyeksion ekran va 33 ta dinamik bor

G9L katta o‘lchamlariga qaramay, faqat besh o‘rindiqli salon bilan taklif qilinadi. Interyer uchun to‘q sariq, qizil, oq va qora ranglar mavjud.

Old panel markazida 17,3 dyuymli ekran, haydovchi qarshisida esa 8,8 dyuymli raqamli asboblar paneli joylashtirilgan. Shuningdek, avtomobil 88 dyuymli AR-HUD, 9 dyuymli raqamli orqa ko‘rish oynasi va 33 ta dinamikka ega.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xpeng G9L avtomobili qanday dizaynga ega bo‘lishi haqida yozgan edi.

Shuningdek