
Krishtianu Ronaldu bilan munosabatlari sabab dunyoga tanilgan Jorjina Rodrigesning boyligi barcha uchun qiziqarli mavzulardan biri. Kursiv Uzbekistan modelning mol-mulki haqida ma’lumotlarni bitta materialga jamladi.
Netflix Jorjinaga millionlab dollar olib keldi
Rodrigesning eng yirik mustaqil daromad manbalaridan biri Netflix uchun suratga olingan «Soy Georgina» («Men – Jorjina») hujjatli realiti-shousi bo‘ldi. Serialda uning oilaviy hayoti, moda tadbirlari, biznesi va Ronaldu bilan hayoti namoyish etilgan.

Netflix Jorjinaga to‘langan haqni rasman oshkor qilmagan. Biroq AS va boshqa xorijiy nashrlar birinchi mavsumning o‘zi uchun u $10 mlngacha daromad olgan bo‘lishi mumkinligini yozgan. Keyinchalik yana ikki mavsum namoyish etildi. Shu sababli uning Netflix loyihasidan olgan jami daromadi dastlabki baholardan ancha yuqori bo‘lishi ehtimoldan xoli emas, biroq aniq summa kompaniya yoki Rodriges tomonidan tasdiqlanmagan.
Bundan tashqari, Rodriges Instagram orqali ham katta reklama auditoriyasiga ega. 2026-yil yozida uning sahifasida 76 mlndan ortiq obunachi borligi qayd etilgan. U Dior, Porsche, Alo Yoga va boshqa xalqaro brendlar bilan tijoriy hamkorlik qilgan.
40 mln yevrolik ko‘chmas mulk portfeli

Jorjina Rodriges boyligidagi eng qiziqarli yo‘nalishlardan biri – ko‘chmas mulk. 2025-yilda u Bellhatria Real Estate nomli hashamatli ko‘chmas mulk kompaniyasini ishga tushirdi. Forbes España ma’lumotiga ko‘ra, loyiha faoliyat boshlagan paytda kompaniya tasarrufidagi ko‘chmas mulk portfeli 40 mln yevroga baholangan. Kompaniya uylarni shunchaki sotish bilan shug‘ullanmaydi: ko‘chmas mulkni xarid qiladi, ta’mirlaydi va yuqori daromadli mijozlarga uzoq yoki qisqa muddatga ijaraga beradi. Forbes Rodriges ushbu biznesni hamkorlarsiz to‘liq nazorat qilayotganini yozgan.
Bellhatria portfeliga Madridning eng qimmat hududlaridagi obyektlar kiradi. Jumladan, La Finca Golf majmuasida 24 ta taunxaus, 40 ming kvadrat metr tabiiy hudud bilan o‘ralgan apartament hamda maydoni 1 280 kvadrat metr bo‘lgan hashamatli villa kompaniya portfeliga qo‘shilgan. Villada yopiq va ochiq basseyn, sport zali, kinoteatr hamda quyosh energiyasi tizimi mavjud. Kompaniyaning boshqa obyektlari Madridning Almagro hududida ham joylashgan.
Jorjinaga tegishli eng qimmat avtomobillardan biri

Rodriges ijtimoiy tarmoqlarda Bentley, Mercedes-Benz, Rolls-Royce, Ferrari va Bugatti kabi avtomobillar bilan ko‘p bora ko‘ringan. Biroq ularning aksariyati Krishtianu Ronalduning mashhur avtomobil kolleksiyasiga kiradi. Masalan, Autoevolution Jorjina Bentley Flying Spur hamda Mercedes-Benz GLE modellaridan foydalanganini qayd etgan, lekin aynan kim avtomobilning rasmiy egasi ekanini aniqlashning imkoni yo‘qligini ta’kidlagan.
Unga tegishli ekaniga nisbatan ancha aniq ma’lumot mavjud avtomobillardan biri – oq rangdagi Porsche Taycan. 2025-yilda Ronaldu unashtiruv munosabati bilan Rodrigesga elektr Porsche’ni sovg‘a qilgani haqida GOAL yozgan. Ronaldu unga Audemars Piguet va Patek Philippe soatlari, Dior va Louis Vuitton sumkalari hamda boshqa qimmatbaho sovg‘alarni ham taqdim etgan.
Qiziq tomoni, Jorjinaning o‘zi ham Ronalduga bir necha juda qimmat avtomobil sovg‘a qilgan. Ular orasida Rolls-Royce Dawn, Cadillac Escalade va Brabus tomonidan qayta ishlangan Mercedes G-Class tilga olinadi.
Millionlab dollarlik uzuk va zargarlik buyumlari

Rodrigesga tegishli eng qimmat shaxsiy buyumlardan biri – Krishtianu Ronaldu sovg‘a qilgan olmos uzuk. People nashri bilan suhbatlashgan mutaxassislar uning qiymatini $2 mln.dan $5 mln.gacha baholagan. Ayrim ekspertlarning hisobicha, uzukdagi olmoslarning umumiy og‘irligi qariyb 37 karat bo‘lishi mumkin. Juftlik zargarlik buyumining haqiqiy narxini rasman oshkor qilmagan.
Rodrigesning qimmatbaho soatlar kolleksiyasi ham anchagina salmoqli. OAVlarda Rolex GMT-Master II, Rolex Cosmograph Daytona, Patek Philippe Nautilus va Cartier Panthère kabi modellar tilga olinadi. Autoevolution uning zargarlik buyumlari va soatlari kolleksiyasi qiymatini bir necha million dollarga baholagan, biroq bu raqam ham mustaqil moliyaviy hisobot bilan tasdiqlanmagan.
MIMOA — Jorjinaga tegishli yangi moda biznesi

2026-yilda Rodriges biznes portfelini yana kengaytirdi va MIMOA nomli sport kiyimlari hamda kundalik kiyim brendini ishga tushirdi. WWD ma’lumotiga ko‘ra, Dubayda tashkil etilgan brendning dastlabki kolleksiyasi 27 xil modeldan iborat bo‘lib, aksariyat mahsulotlarning narxi 100 yevrodan oshmaydi. MIMOA mahsulotlari xaridorga vositachilarsiz, brendning o‘z savdo kanallari orqali taklif qilinmoqda.
2026-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati davomida Rodriges MIMOA’ni faol reklama qildi. Portugaliya o‘yinlaridan biriga u brendning maxsus libosida kelgan. Keyinchalik Lionel Messining rafiqasi Antonela Rokutssoga ham MIMOA mahsulotlaridan iborat sovg‘a yuborilgan. Avgust oyida esa Rodriges brendning yangi CAPRI kolleksiyasini namoyish etdi.
MIMOA hozircha yangi loyiha bo‘lgani sababli uning tushumi yoki kompaniya qiymati bo‘yicha ochiq moliyaviy ma’lumot mavjud emas. Shunga qaramay, o‘nlab million obunachiga ega shaxsiy auditoriya Rodrigesga yangi brendni dunyo bozoriga chiqarishda katta marketing ustunligi beradi.
Xo‘sh, Jorjina Rodrigesning boyligi aslida qancha?

Ochiq ma’lumotlarga qaraganda, Jorjinani faqat Krishtianu Ronalduning moliyaviy imkoniyatlari hisobiga hashamatli hayot kechirayotgan shaxs sifatida ko‘rsatish to‘g‘ri emas. Uning Netflix, reklama, ko‘chmas mulk va moda biznesidan shakllangan mustaqil daromad manbalari mavjud.
OAVda eng aniq keltirilgan baholardan biri $19,7 mlndan ortiq bo‘lib, u 2024-yilga tegishli. Ammo shundan keyin Rodriges nazoratidagi Bellhatria 40 mln yevrolik ko‘chmas mulk portfeli bilan ish boshladi va 2026-yilda MIMOA brendi paydo bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» Jorjina Rodriges va Ronalduning to‘yida kimlar qatnashgani haqida yozgan edi.