
Apple’ning ilk buklanuvchi iPhone modeli sotuvga chiqqan dastlabki oylarida yetarli miqdorda ishlab chiqarilmasligi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, qurilma zaxirasini 10 mln donaga yetkazish uchun Foxconn’ga uch oydan besh oygacha vaqt kerak bo‘ladi.
Apple’ning birinchi buklanuvchi iPhone modeli bozorga chiqqach, taqchillikka duch kelishi mumkin. Bunga qurilmaning murakkab konstruksiyasi va ishlab chiqarish sur’atlarining dastlabki bosqichda past bo‘lishi sabab sifatida ko‘rsatilmoqda.
Ishlab chiqarish sekinroq bo‘ladi
Taqqoslash uchun, oddiy iPhone 17 modeli oyiga taxminan 5 mln dona ishlab chiqarilmoqda.
Buklanuvchi modelning dastlabki ishlab chiqarish sur’ati esa bundan 30 – 40% past bo‘lishi mumkin. Natijada Apple sotuvlar boshlanganidan keyin do‘konlarni yetarli miqdorda qurilmalar bilan tezda ta’minlay olmasligi ehtimoli bor.
Narxlar oshishi mumkin
Agar ishlab chiqarish bo‘yicha prognozlar tasdiqlansa, birinchi buklanuvchi iPhone sotuvga chiqqan ilk oylarida cheklangan miqdorda mavjud bo‘lishi mumkin.
Bu esa norasmiy bozorda qayta sotuvchilar tomonidan narxlarning oshirilishiga va qurilmaga qo‘shimcha ustama qo‘yilishiga olib kelishi mumkin.
Hozircha Apple buklanuvchi iPhone’ning rasmiy nomi, taqdimot sanasi va ishlab chiqarish hajmi haqida ma’lumot bermagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonga mobil telefon importi 2026-yilning yanvar – iyun oylarida sezilarli darajada oshgani haqida xabar berilgandi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, olti oyda mamlakatga 2,35 mln dona mobil telefon olib kirilgan.