Xiaomi Redmi M100 smartfonini taqdim etdi — narx

18-avgust 2026 20:40 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Xiaomi Redmi M100 smartfonini taqdim etdi — narx
Foto: Redmi

Xiaomi Xitoyda yangi Redmi M100 smartfonini taqdim etdi. Qurilma 7900 mA/soat sig‘imli batareya, 6,9 dyuymli 120 Gts ekran va Snapdragon 4 Gen 5 protsessoriga ega. Boshlang‘ich narxi $265 etib belgilangan.

Xiaomi Redmi brendi ostida yangi M100 smartfonini sotuvga chiqardi. Model katta ekran va yuqori sig‘imli batareyaga urg‘u berilgan budjet qurilma sifatida taqdim qilindi.

Redmi M100 1600 × 720 piksel aniqlikdagi 6,9 dyuymli IPS ekran bilan jihozlangan. Displeyning yangilanish chastotasi 120 Gts bo‘lib, uni Corning Gorilla Glass himoya oynasi qoplaydi.

Foto: Redmi

Smartfon 7900 mA/soat sig‘imli batareyaga ega. U 45 Vt quvvatli simli tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, qurilmadan boshqa gadjetlarni 22,5 Vt quvvatda sim orqali quvvatlash mumkin.

Snapdragon 4 Gen 5 protsessori o‘rnatilgan

Smartfon 4 nanometrli Snapdragon 4 Gen 5 protsessorida ishlaydi. Asosiy kamera 13 MP, old kamera esa 5 MP aniqlikka ega.

Qurilmada yon tomonga joylashtirilgan barmoq izi skaneri, NFC va 3,5 millimetrlik quloqchin ulagichi ham mavjud. Orqa paneldagi kamera blokiga RGB yoritkichi ham o‘rnatilgan.

Keksalar uchun maxsus rejim mavjud

Foto: IT Home

Redmi M100 Xiaomi HyperOS 3 operatsion tizimida ishlaydi. Smartfonda yoshi katta foydalanuvchilar uchun maxsus rejim mavjud bo‘lib, unda ikonka va shriftlar kattalashtiriladi.

Multimedia, qo‘ng‘iroq va bildirishnomalar ovozini standart darajadan 300 foizgacha oshirish imkoniyati ham bor. Shuningdek, keraksiz qo‘ng‘iroqlarni bloklash funksiyasi taqdim etilgan.

Redmi M100 narxi qancha

Smartfon Xitoy bozorida uchta xotira variantida sotiladi: 8/128 GB versiyasi – $265, 6/256 GB – $295, 8/256 GB esa $325.

Qurilma qutisiga quvvatlash adapteri, USB-C kabeli, himoya g‘ilofi, SIM-karta uchun igna va hujjatlar kiritilgan. Ekranga himoya plyonkasi zavodning o‘zida yopishtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xiaomi to‘qqiz yil avvalgi modeli uchun HyperOS 4 yangilanishini chiqargandi.

Shuningdek