
Kanadada Chevrolet Equinox 2027 EV va Chevrolet Blazer EV elektromobillari faqat to‘liq uzatmali AWD versiyada sotilishi mumkin. Bu haqda GM Authority xabar berdi.
Nashr General Motors’ning Kanadadagi vakolatxonasidan ushbu o‘zgarish bo‘yicha izoh so‘ragan, biroq 25-avgust holatiga ko‘ra kompaniya rasmiy tasdiq bermagan.
FWD versiyalar yangi ro‘yxatda ko‘rsatilmagan
Ehtimoliy o‘zgarishga Kanada Tabiiy resurslar vazirligi e’lon qilgan avtomobillarning energiya sarfi bo‘yicha yangi reytinglar sabab bo‘ldi.
2027-yilgi modellarga oid ro‘yxatda Chevrolet Equinox EV va Blazer EV’ning AWD, ya’ni barcha g‘ildirakdan tortuvchi variantlari bo‘yicha ma’lumotlar mavjud. Shu bilan birga, FWD versiyalar ro‘yxatda ko‘rsatilmagan.
GM Authority qayd etishicha, FWD modellarining ro‘yxatda yo‘qligi ularning Kanada bozoridan butunlay chiqarilganini hali rasman tasdiqlamaydi. Biroq bu Chevrolet 2027-yildan boshlab ikkala elektromobil uchun ham faqat AWD konfiguratsiyasini taklif qilishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Hozir xaridorlar FWD va AWD o‘rtasida tanlov qilishi mumkin
2026-yilgi model qatorida kanadalik xaridorlar Equinox EV va Blazer EV’ning FWD hamda AWD modifikatsiyalarini tanlashi mumkin. Chevrolet Equinox EV LT’ning FWD versiyasi Kanadada 46 199 Kanada dollaridan boshlanadi. Majburiy yig‘imlar bilan uning umumiy narxi 49 249 Kanada dollariga yetadi.
Equinox EV LT AWD esa 49 699 Kanada dollaridan boshlanadi, yig‘imlar hisobga olinganda esa 52 749 Kanada dollarini tashkil etadi. Shunday qilib, to‘liq uzatmali variant FWD versiyadan 3 500 Kanada dollariga qimmatroq.
Equinox EV RS FWD 51 199 Kanada dollaridan, RS AWD esa 54 699 Kanada dollaridan sotiladi. Chevrolet Blazer EV’ning boshlang‘ich LT FWD versiyasi 55 699 Kanada dollaridan taklif qilinmoqda. LT AWD narxi 59 199 Kanada dollaridan boshlanadi.

Blazer EV RS FWD uchun 59 399 Kanada dollari, RS AWD uchun esa 62 899 Kanada dollari so‘ralmoqda. Modelning eng kuchli Blazer EV SS versiyasi faqat AWD bilan taklif qilinib, uning boshlang‘ich narxi 71 199 Kanada dollarini tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 55 yoshdagi Chevrolet avtomobili auksionga qo‘yilgani haqida yozgan edi.