
2024–2026-yillarda ishlab chiqarilgan ayrim Chevrolet Equinox avtomobillarida dvigatelning qizib ketishi, sovutish ventilyatorining ishlamasligi hamda konditsioner faoliyatidagi nosozliklar bitta detal bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bu haqda General Motors’ning texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yangi hujjatiga tayanib GM Authority xabar berdi.
Muammo 1,5 litrli turbomotorli LSD I4 dvigateli bilan jihozlangan ayrim Equinox avtomobillariga taalluqli. Nosozlik yuz berganda avtomobil elektron tizimida P0494 diagnostika kodi ham paydo bo‘lishi mumkin. Ushbu kod sovutish ventilyatori belgilanganidan past tezlikda ishlayotganini anglatadi.
Muammo sovutish ventilyatorida bo‘lishi mumkin
Chevrolet Equinox’ning LSD dvigatelida elektron boshqaruv moduliga ega elektr sovutish ventilyatori qo‘llaniladi. Dvigatel boshqaruv bloki ventilyatorning ishlash tezligini bir nechta ko‘rsatkich asosida belgilaydi.

Xususan, tizim dvigatel sovutish suyuqligi, motor moyi va transmissiya suyuqligi harorati, shuningdek, konditsioner tizimidagi bosimni hisobga oladi. Ish sharoitiga qarab ventilyator quvvati noldan 100 foizgacha boshqarilishi mumkin.
Ammo ventilyatorning ichki qismlarida nosozlik paydo bo‘lsa, dvigatel va konditsioner tizimini sovutish uchun yetarli havo oqimi ta’minlanmaydi. Natijada bir vaqtning o‘zida dvigatel qizib ketishi, ventilyator ishlamay qolishi va konditsioner sovutmay qo‘yishi mumkin.
General Motors ventilyator motorini almashtirishni tavsiya qilmoqda
General Motors muammoni bartaraf etish uchun G10 sovutish ventilyatori motorini yangilangan detalga almashtirishni tavsiya qilgan. Yangi ehtiyot qismning ichki konstruksiyasiga o‘zgartirish kiritilgan.

Ventilyator avtomobilning zaryadlangan havoni sovutish radiatori, kondensator va asosiy radiator qismlari yaqinida joylashgani sababli uni almashtirish oddiy detalni yechib-o‘rnatish bilan cheklanmaydi. Ishni servis markazida tegishli texnik yo‘riqnoma asosida bajarish talab etiladi.
GM qo‘shimcha ma’lumot va mos ehtiyot qismlar raqamlari uchun 26-NA-210 texnik byulleteniga murojaat qilishni tavsiya qilgan.
Qaysi belgilar Equinox egalarini ogohlantirishi kerak
Agar Chevrolet Equinox’da dvigatelning qizib ketishi bilan bir vaqtda sovutish ventilyatori ishlamay qolsa va konditsioner ham sovutishni to‘xtatsa, muammolar alohida-alohida nosozlik emas, balki bitta sabab — sovutish ventilyatori bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Bunday holatda servis mutaxassislari, avvalo, avtomobil tizimida P0494 kodi mavjudligini tekshirishi va ventilyator blokini diagnostika qilishi mumkin. Bu dvigatel sovutish va konditsioner tizimlarini alohida tekshirishdan oldin nosozlik sababini tezroq aniqlash imkonini beradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yangi avlod Chevrolet Captiva sinovdan o‘tkazilayotgani haqida yozgan edi.