Chevrolet yana bir avtomobili uchun xarid shartlarini yangiladi

28-avgust 2026 12:24 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet yana bir avtomobili uchun xarid shartlarini yangiladi
Foto: Depoistphotos

AQShda 2026-yil avgust oyida Chevrolet Express’ning yuk va yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan versiyalari uchun alohida xarid, kredit yoki lizing aksiyalari taklif qilinmadi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.

Ayrim xaridorlar $500 chegirma olishi mumkin

Chevrolet Express uchun maxsus avgust aksiyasi mavjud bo‘lmasa-da, Chevrolet’ning barcha avtomobillariga tatbiq etiladigan bir qator dasturlar saqlanib qolgan.

Birinchi yordam xizmati xodimlari, tibbiyot sohasi mutaxassislari, harbiylar, kollej dasturi ishtirokchilari va ta’lim sohasi vakillari uchun $500 miqdorida chegirma ko‘zda tutilgan.

Mazkur imtiyozlar modelga xos maxsus aksiyalar emas, balki Chevrolet’ning alohida toifadagi mijozlarga mo‘ljallangan umumiy dasturlaridir.

Foto: Chevrolet

Chevrolet Express narxi qancha

2026-yilgi Chevrolet Express ikki asosiy yo‘nalishda – Passenger Van va Cargo Van ko‘rinishida taklif etiladi.

Yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan Passenger Van’ning LS komplektatsiyasi $50 345 dan, LT versiyasi esa $52 445 dan boshlanadi.

Yuk tashuvchi Cargo Van’ning Work Van versiyasi uchun boshlang‘ich narx $44 595 etib belgilangan. Ushbu narxlarga $2 395 miqdoridagi yetkazib berish xarajati ham kiritilgan.

Umuman olganda, 2026-yilgi Chevrolet Express’ning tavsiya etilgan chakana narxi $44 595 dan $52 445 gacha bo‘ladi.

Model 30 yildan ortiq vaqtdan beri ishlab chiqariladi

Chevrolet Express General Motors’ning eng uzoq yillardan beri ishlab chiqarilayotgan modellari qatoriga kiradi. Model bozorda 30 yildan ortiq vaqt davomida mavjud bo‘lib, 2026-yilgi versiyada jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirilmagan.

Xaridorlar Cargo Van va Passenger Van versiyalaridan tashqari, 2 500 va 3 500 indeksli, standart yoki uzaytirilgan g‘ildirak bazasiga ega modifikatsiyalarni ham tanlashi mumkin.

Foto: Chevrolet

Ikki xil benzinli dvigatel taklif qilinadi

2026-yilgi Chevrolet Express’ning kuch agregatlari 2025-yilgi modeldan o‘zgarishsiz qolgan.

Bazaviy variant 4,3 litrli atmosferali V6 benzin dvigateli bilan jihozlanadi. U 276 ot kuchi va 298 funt-fut aylantiruvchi moment ishlab chiqaradi.

Bundan tashqari, 6,6 litrli V8 dvigateli ham mavjud. Ushbu motor 401 ot kuchi va 464 funt-fut aylantiruvchi momentga ega. Har ikki dvigatel sakkiz pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi bilan ishlaydi, standart yuritma esa orqa g‘ildiraklarga uzatiladi.

Yuk tortish imkoniyati 10 ming funtgacha yetadi

Chevrolet Express’ning tirkama tortish imkoniyati tanlangan kuzov va dvigatelga bog‘liq.

V6 dvigatelli uzaytirilgan bazadagi versiyalar 6 300 funtgacha, standart bazadagi modellar esa 6 700 funtgacha yuk torta oladi.

V8 dvigateli bilan jihozlangan Passenger Van’ning uzaytirilgan bazadagi versiyasi 9 200 funtgacha, standart bazadagi turi esa 9 600 funtgacha yuk tortish imkoniyatiga ega.

Cargo Van’ning V8 dvigatelli versiyasida maksimal tirkama tortish ko‘rsatkichi 10 ming funtga yetadi. Avtomobilning foydali yuk ko‘tarish imkoniyati esa 8 920 funtgacha boradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Chevrolet Captiva ishlab chiqarilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek