
Fransuz vinosi haqida gap ketganda, ko‘pchilikning xayoliga darhol qimmat shishalar, chang bosib, mog‘orlab ketgan ichimliklar va asrlar davomida shakllangan an’analar keladi. Ammo Fransiyaning Bordosida ishlab chiqariladigan vinolar bu o‘y-fikrlarga chek qo‘yadi. Bugun asl fransuzlar bilan toza fransuzcha vinolarning ishlab chiqarilishidan tortib, oshqozonga yetguncha qanday jarayonlardan o‘tishi, bitta vino qancha turishi-yu, aholi nega bunchalik vinoga mukkasidan ketganligi haqida gaplashamiz. Kursiv Uzbekistan siz bilan Fransiyaga sayohat qiladi.
Château Civrac vinosi
Bordoning o‘ng sohilidagi Côtes de Bourg hududida Château Civrac vino ishlab chiqaruvchi xo‘jaligi joylashgan. U o‘zining sifatli vinolari bilan allaqachon fransuzlar ko‘nglini xushnud etib bo‘lgan. Uning maydoni hozir 8 gektarni tashkil etadi. Bu yerda Merlot, Cabernet Franc, Cabernet Sauvignon va Malbec kabi uzum navlari yetishtiriladi. Xo‘jalikni boshqarayotgan Aleks Gibson esa klassik fransuz vinochisi obrazidan biroz farq qiladi: u Bordoga Avstraliyadan kelgan, vinochilikni keyinroq o‘rgangan va bugun kichik xo‘jaligida biznes yuritmoqda.

Bordo vinosining kelib chiqishi
Bordo vinosi nega dunyoga taniqli? Buning bir nechta sababi bor. Mintaqaning o‘ziga xos jihatlaridan biri — turli uzum navlarini aralashtirish, ya’ni blend yaratish an’anasi.
Bordoda qizil vinolar uchun uchta asosiy nav — Merlot, Cabernet Sauvignon va Cabernet Franc hisoblanadi. Mintaqadagi qizil uzumzorlarning taxminan 66 foizini Merlot, 22,5 foizini Cabernet Sauvignon va 9,5 foizini Cabernet Franc tashkil etadi. Oq vinolarda esa Sauvignon Blanc va Sémillon asosiy o‘rinni egallaydi.

Cabernet Sauvignon kech pishadi. Merlot esa yumshoqligi bilan ajralib turadi. Shu sababli Bordoda vino yaratish faqat «yaxshi uzum yetishtirish» emas, bu chinakam san’at!!!
Château Civrac’da esa bu an’anaga biroz boshqacha yondashuv bor. Xo‘jalikning asosiy vinosi asosan Merlotdan tayyorlanadi, ayrim kichik partiyalarda esa Cabernet Franc, Malbec va boshqa navlar alohida ishlanadi. Masalan, xo‘jalik 65 yillik tokzordan olingan Malbec asosida vino ishlab chiqaradi.
«Uzumni mashina emas, qo‘l bilan teramiz»
Aleks Gibson bizga o‘zining eng yoqtirgan mevasi — uzumlar haqida gapirib berdi.

«Château Civrac’da hosilning asosiy qismi qo‘lda yig‘iladi. Uzum kichik yashiklarga joylanadi va vino zavodiga yetkaziladi. Bu usul buzilgan yoki chirigan mevalarni dalaning o‘zida ajratib olish va sog‘lom uzumni po‘sti shikastlanmagan holda qayta ishlash imkonini beradi.
Bu yerda vino ishlab chiqarish jarayoni ham bir xil qolipga tushirilmagan. Château Civrac’ning asosiy vinosida uzum ikki kunlik dastlabki tekshiruvdan o‘tkaziladi, keyin harorat nazorat qilinadigan beton texnikalarda fermentatsiya qilinadi. Vino keyingi 12 oy davomida loy amfora, eman bochka va beton idishlarda yetiltiriladi. Yillik ishlab chiqarish hajmi ayrim vinolarda 25 ming shishagacha yetadi. Ammo xo‘jalikning eng qiziqarli tajribalaridan biri — Amphore Indigene. Bu vino loy amforalarda, tijoriy xamirturush yoki boshqa sun’iy mahsulotlarsiz tayyorlanadi. Fermentatsiya tabiiy xamirturushlar yordamida amalga oshiriladi, ekstraksiya esa yumshoq usulda olib boriladi. Ushbu vino yiliga atigi 2 mingga yaqin shisha ishlab chiqaradi» — deydi suhbatdoshimiz.
«Bordo faqat an’ana emas»
Aleks Gibsonning Bordo haqidagi qarashlari yoshligidan shakllangan. Uning aytishicha, ilk bora 5 yoshida Bordo vinosini tatib ko‘rgan va shundan keyin uning ta’mi tilidan ketmagan.
Uning o‘zi avval Avstraliyadagi Barossa Valley hududida hosil yig‘imida ishlagan. Keyinchalik Bordo universitetida uzumchilik va vinochilik bo‘yicha ta’lim olgan. Château Civrac’ni 2017-yilda ko‘rgan va ikki yil o‘tib xo‘jalikni sotib olgan.

«Bordoda teruar tushunchasi juda muhim. Ayniqsa kichik ishlab chiqaruvchi uchun yerning o‘ziga xosligini yo‘qotmasdan, uni vinoda ko‘rsatish asosiy vazifalardan biri. Bordo men uchun yoshlikdan erishishim kerak bo‘lgan marra sanaladi. Men 5 yoshimda ichgan vinoning ta’mi haligacha og‘zimdan ketmagan. Bugun men o‘sha ta’mni o‘z vinolarimdan izlayapman», — deydi Aleks.
U, shuningdek, nega aynan kichik xo‘jalik tanlagani va katta xo‘jalik uchun qanday muammolar borligiga ham to‘xtaldi.
«Kichik xo‘jalikning afzalligi — deyarli har bir jarayonni nazorat qilish imkoniyati. Château Civrac’da hosilning katta qismi qo‘lda teriladi, ayrim vinolar esa atigi bir necha ming shisha miqdorida ishlab chiqariladi. Bu ishlab chiqaruvchiga tajriba qilish imkonini beradi».
Aleks bir shisha vinoning narxi juda ko‘p jihatlarga bog‘liq ekanligini aytadi.
«Bu savol juda muhim. Chunki bir xil hududdagi ikki ishlab chiqaruvchining vinosi narxi keskin farq qilishi mumkin. Bunda teruar, hosildorlik, ishlab chiqarish usuli, yetiltirish muddati, brendning tarixi va eng muhimi — bozordagi talab rol o‘ynaydi».
Bordo uchun yangi muammo: xaridor kamaymoqda
Afsuski, Bordo vinosi faqatgina romantik kechalarda ichiladigan, yaxshi kunlarni eslatadigan ichimlik emas. Uning ortida ko‘plab muammolar ham bor.
Girond departamentida vinozorlar maydoni 2025-yilda 91 543 gektarga tushgan. Bu 2015-yildagi 113 645 gektarga nisbatan qariyb 19 foizga kam. 2025-yilda departamentda jami 3,2 mln gektolitr vino ishlab chiqarilgan, uning 83 foizi qizil vino hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Muammo faqat ishlab chiqarishda ham emas. Bordo vinosining xalqaro eksporti ham qisqarmoqda.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, Bordo vinolari eksporti 1,36 mln gektolitrdan oshgan, umumiy qiymati esa qariyb 2 mlrd yevroni tashkil qilgan. Biroq hajm bir yil ichida 9 foizga, qiymat esa 7 foizga kamaygan.
2026-yilning dastlabki oylarida ham tendensiya davom etgan. May oyigacha bo‘lgan 12 oylik davrda Bordo vinosi eksporti hajm bo‘yicha 8 foiz, qiymat bo‘yicha 15 foizga kamaygan.
Xitoy o‘rnini AQSh egallamoqda
Bordo vinosi uchun yana bir katta o‘zgarish bozorda yuz bermoqda. Bir necha yil avval Xitoy mintaqa vinolari uchun eng muhim bozorlardan biri bo‘lgan bo‘lsa, hozir AQSh undan oldinga chiqib ketgan. 2025-yil yakunida AQShga qariyb 193 ming gektolitr Bordo vinosi eksport qilingan, Xitoyga esa 119 ming gektolitr atrofida. Xitoyga eksport hajmi bir yil ichida 34 foizga kamaygan.
2026-yil mayigacha bo‘lgan davrda ham AQSh qariyb 200 ming gektolitr bilan yetakchilikni saqlab qolgan, Xitoyga eksport esa 108 ming gektolitrga tushgan.

Bu raqamlar ortidan Bordo bozori yana savol ostida qoladi. Xo‘sh, bozor qisqargan bir paytda, ishlab chiqarish ko‘lami kamayib, hududning an’anasi bo‘lgan vino yo‘qolib ketish xavfi ostida emasmi?
Bu savolni Aleks Gibson kabi kichik ishlab chiqaruvchiga berish qiziq. Chunki Bordo bugun bir vaqtning o‘zida ikki xil bosimni boshdan kechirmoqda: bir tomondan, tarixiy vinochilik an’analarini saqlab qolish kerak; ikkinchi tomondan esa, iqlim, iste’mol odatlarining o‘zgarishi va xalqaro talabning pasayishiga moslashish zarur.
«Château Civrac tajribasi shuni ko‘rsatadiki, Bordoning kelajagi faqat yirik va mashhur shatolarda emas. Kichik ishlab chiqaruvchilar ham o‘z yo‘lini izlamoqda: qo‘lda terim, past aralashuvli vinochilik, amfora, tabiiy xamirturush, eski toklar va kichik partiyali vinolar. Qisqasi, bu yerdagi an’ana hech qachon yo‘qolmaydi. Har yozda mening oldimga yuzlab shogirdlar o‘rganish uchun keladi. Bilaman, bir kun emas, bir kun ular ham o‘zlarining vinolarini ishlab chiqishadi va albatta dunyoni bir shisha Bordo bilan lol qoldirishadi», — deya hikoyasini yakunlaydi Aleks.
Ammo Kursiv Uzbekistan’ning Fransiyaga bo‘lgan safari hali yakunlanmadi. Biz mamlakatning qadriyati bo‘lib ulgurgan vino haqida mahalliy aholining fikrlarini ham eshitdik.
Fransuzlar bir oyda vinoga qancha pul sarflaydi
Klara Martin. U 46 yoshda. Ayni damda u Burg-sur-Jironda yashaydi. Biz uning Bordo vinosi haqidagi fikrlari hamda oyiga birgina vino uchun u qancha mablag‘ sarflashiga qiziqdik. Klaraning so‘zlariga ko‘ra, u oyiga o‘rtacha hisobda 100 yevro sarflaydi.
«Har hafta albatta vino sotib olaman, deb bo‘lmaydi, lekin uyda doim bir nechta yaxshi shisha bo‘ladi. Menimcha, yaxshi vino ichish uchun juda ko‘p pul sarflash shart emas. 10–20 yevro oralig‘ida ham yaxshi mahalliy vinolarni topish mumkin», — deydi Klara.
Uning qo‘shimcha qilishicha, vino hali ham Bordo aholisi kundalik hayotining bir qismi sanaladi. U yoshlik davrlarini eslab, oilaviy tushlik yoki kechki ovqat paytida vino ko‘proq ichilishi, hozir yoshlar sog‘lig‘iga ko‘proq e’tibor berayotganini aytdi. Shunga qaramay, bu hududda vino shunchaki ichimlik emas. U tarix, madaniyat va mahalliy hayot bilan bog‘liq.

Klara agar bir shisha vino uchun 50 yevro sarflash imkoni bo‘lganda, qaysi vinoni tanlashini ham aytdi.
«Men, ehtimol, yaxshi Saint-Emilion yoki Pomerol tanlagan bo‘lardim. Lekin faqat mashhur nomi uchun qimmat vino sotib olmasdim. 50 yevroga vino tanlayotgan bo‘lsam, uning qaysi yilda ishlab chiqarilgani, qayerdan kelgani va ta’mi qanday ekaniga qarardim. Ba’zan 15–20 yevrolik mahalliy Bordo vinosi ham qimmatroq shishadan ko‘ra ko‘proq yoqishi mumkin».
Klara, shuningdek, yosh avlod Bordo vinosiga avvalgi avlodlar kabi qiziqmayotganini qo‘shimcha qildi. Uning aytishicha, yoshlar uchun bugun ko‘plab brenddagi ichimliklar bor.
«Yoshlar orasida boshqa ichimliklar mashhur. Lekin vinochilikka qiziqish butunlay yo‘qolgan deb aytmagan bo‘lardim. Ayniqsa, yosh vino ishlab chiqaruvchilar yangi usullarni sinab ko‘rayotgani qiziq. Bizning hududda an’ana saqlanib qolgan, lekin u asta-sekin o‘zgarib boryapti», — deya o‘z so‘zlarini yakunladi u.
Shu bilan birga, boshqa mahalliy aholi vakillari ham odatda vino uchun bir oyda alohida byudjet ajratadi: bu o‘rtacha hisobda 80 yoki 100 yevroga to‘g‘ri keladi. Qisqasi, Bordo aholisi hali ham o‘zlarining «ofatijon» ichimliklaridan butunlay voz kechganlari yo‘q.
Bir shisha Bordo vinosi dasturxonga kelguncha aslida uzoq yo‘lni bosib o‘tadi: avval tuproq, keyin uzum, so‘ng fermentatsiya, yetiltirish, qadoqlash va nihoyat xaridor.

Ehtimol, kelajakdagi eng yaxshi Bordo vinosi qimmat yoki eng mashhur shisha bo‘lmas. Balki u bir necha gektarlik kichik vinozorda yetishtirilgan, bir vinochi o‘z qo‘li bilan nazorat qilgan va mahalliy aholi dasturxoniga qo‘ygan oddiy bir shisha bo‘lar, lekin Bordoda vino shunchaki ichimlik emas. Bu — qadriyat.
Tan olish kerakki, har bir ochilgan shishada kichik bir hikoya yashaydi. Kursiv Uzbekistan’ning Fransiyaga safari esa ana shu hikoyaning bir qismini sizga yetkazdi.