
Bugun Jorjina Rodriges shaxsiy samolyotlar, qimmatbaho liboslar, Kann kinofestivali qizil yo‘lagi va yirik moda brendlari bilan bog‘lanadi. Biroq Krishtianu Ronaldu bilan tanishishidan oldingi hayoti bundan mutlaqo boshqacha bo‘lgan. U kichik shaharda ulg‘aygan, bolaligidan balet bilan shug‘ullangan, mustaqil hayot boshlash uchun ishlagan, ingliz tilini o‘rganish maqsadida xorijga ketgan va keyinchalik Madridda sotuvchi bo‘lib faoliyat yuritgan.
Rodrigesning bolalikdagi suratlari ham uning bugungi hayoti bilan o‘sha davr o‘rtasidagi katta farqni ko‘rsatadi. Netflix’ning «I Am Georgina» hujjatli loyihasida ham u mashhurlikdan oldingi hayoti, oilasi va Jaka shahridagi xotiralari haqida batafsil gapirgan.
Argentinada tug‘ilib, Ispaniyaning kichik shahrida ulg‘aydi

Jorjina Rodriges 1994-yilda Argentinada tug‘ilgan, biroq bolaligi Ispaniyaning shimoli-sharqidagi Ueska provinsiyasiga qarashli Jaka shahrida o‘tgan. U katta shaharlardagi hashamatli hayotdan uzoqda, tog‘lar va tabiat bilan o‘ralgan hududda ulg‘aygan.
Jorjina keyinchalik bolaligini eslar ekan, oilasi bilan tog‘ va dengizga qilgan sayohatlari, rezavor mevalar tergani va yakshanba kunlari uy uchun sut olib kelganini iliq xotirlagan. Oilaning moddiy imkoniyatlari doim ham keng bo‘lmagan, biroq u aynan Jaka shahridagi hayot xarakterining shakllanishiga katta ta’sir qilganini aytadi.

Uning singlisi emas, opasi Ivana Rodriges ham bolalik va o‘smirlik davrida unga juda yaqin bo‘lgan. Jorjinaning so‘zlariga ko‘ra, opa-singil birga maktabga qatnagan va Ivana unga ko‘p g‘amxo‘rlik qilgan.
Maktabda o‘zini yolg‘iz his qilgan
Bugungi ommaviy va o‘ziga ishongan Jorjina bolaligida aksincha, ancha tortinchoq bo‘lganini tan olgan.

«I Am Georgina» serialida u maktab davrida ba’zan o‘zini yolg‘iz his qilgani va ko‘proq o‘z dunyosida qolishni yaxshi ko‘rganini eslaydi. Onasi qizining rivojlanishiga yordam berish maqsadida uni balet mashg‘ulotlariga olib borgan. Aynan raqs Jorjina o‘zini erkinroq his qiladigan muhitga aylangan.
Bolalik suratlaridagi Jorjina bilan bugungi qizil yo‘lakdagi obrazlarini solishtirganda, uning hayotida moda va kameralar paydo bo‘lishidan ancha oldin raqs muhim o‘rin tutganini ko‘rish mumkin.
Balet uning birinchi katta orzusi edi
Jorjina ko‘p yillar davomida klassik balet bilan jiddiy shug‘ullangan. Turli intervyularda u raqsni juda yoshligidan boshlagani va o‘smirlik davrigacha davom ettirgani haqida gapirgan. U hatto London Qirollik raqs akademiyasi — Royal Academy of Dance tizimidagi imtihonlarda ham qatnashgan.

Bir vaqtlar uning kelajagi moda yoki ijtimoiy tarmoqlar emas, aynan raqs bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin edi. Jorjina yoshligida raqs o‘qituvchisi bo‘lish haqida ham o‘ylaganini aytgan.
Ammo professional raqs bilan davom etish uchun zarur imkoniyatlar cheklangani sabab u bu yo‘ldan voz kechib, daromad topish va mustaqil hayot boshlashga majbur bo‘lgan. Netflix ma’lumotiga ko‘ra, moliyaviy qiyinchiliklar uning baletdagi faoliyatini davom ettirishiga to‘sqinlik qilgan.
Kichik shahardan chiqib ketishni istardi
Jorjina o‘smirligidanoq Jakadan chiqib, katta shaharda o‘z hayotini qurishni xohlagan.
U 17–18 yoshlarida mustaqil hayot sari dastlabki qadamlarni qo‘ya boshlaydi. Rodriges keyinchalik kichik shaharda imkoniyatlar kamligini his qilgani va o‘z kelajagini boshqa joyda ko‘rganini aytgan.

Madridga ko‘chib borish esa birdaniga amalga oshmagan. The Independent ma’lumotiga ko‘ra, u avval Grausdagi mehmonxonada ishlagan. Keyinchalik Madridda yangi imkoniyatlarni izlashga qaror qilgan.
Bu davrda uning maqsadi mashhur futbolchining jufti bo‘lish emas, oddiyroq edi — mustaqil bo‘lish, pul topish va moda sohasiga kirish.
Ingliz tilini o‘rganish uchun Angliyaga ketdi
Jorjina o‘z imkoniyatlarini kengaytirish uchun ingliz tilini o‘rganishga ham harakat qilgan.
¡HOLA! ma’lumotiga ko‘ra, 2015-yilda u Angliyaning Bristol shahriga borib, bir oilada au pair sifatida ishlagan. Bu unga ingliz tilini yaxshilash va boshqa mamlakatdagi hayot tajribasini olish imkonini bergan.
Keyinchalik Ispaniyaga qaytgach, moda savdosi sohasidagi faoliyatini davom ettiradi. Aynan shu tajriba uni oxir-oqibat Madridning eng qimmat savdo hududlaridan biriga olib keladi.
Madridda oyiga taxminan 300 yevrolik xonada yashagan

Bugungi hashamatli uylar va shaxsiy samolyotlardan oldin Jorjinaga Madridda yashash uchun arzon joy topishning o‘zi muammo bo‘lgan.
U o‘z hujjatli serialida poytaxtga kelganidan keyin oyiga 300 yevro atrofidagi uylarni qidirganini eslaydi. Oxir-oqibat ilgari ombor sifatida ishlatilgan kichik xonada yashashiga to‘g‘ri kelgan. Rodrigesning aytishicha, u yer qishda juda sovuq, yozda esa juda issiq bo‘lgan.
Netflix ham uning o‘sha davrda uzoq vaqt ishlagani, ba’zan bir nechta ishni birlashtirgani va ish uchun soatlab yo‘l bosganini qayd etadi.
Massimo Dutti’dan Gucci’gacha
Jorjinaga moda olamidagi dastlabki tajribani Massimo Dutti’dagi ish berdi. U yerda u oddiy savdo maslahatchisi sifatida ishlagan. Sobiq hamkasblaridan biri Ivan Garsiya keyinchalik Jorjina bilan o‘sha davrdan tanish ekanini aytgan.
Daromadini oshirish uchun u ayrim kunlari boshqa ishlarda ham faoliyat yuritgan. Manbalarda uning Madridda bar va tungi klubda ham ishlagani qayd etiladi.
Keyinchalik u Madridning nufuzli «Milla de Oro» hududidagi Gucci butikiga ishga kiradi. Aynan shu ish uning hayotidagi eng katta burilish nuqtasiga aylanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Jorjina Rodrigesning Ronaldudan oldingi hayotida kim bo‘lgani haqida yozgan edi.