Javohir Sindarov Gukeshga qarshi bahsga qanday tayyorlanmoqda

3-sentabr 2026 14:10 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Javohir Sindarov Gukeshga qarshi bahsga qanday tayyorlanmoqda
Kollaj: Reddit

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommarajuga qarshi bo‘ladigan jahon chempionligi bahsiga tayyorgarlik jarayoni haqida gapirdi.

20 yoshli Sindarov 2026-yilgi da’vogarlar turnirida g‘olib chiqib, jahon chempionligi uchun kurashish huquqini qo‘lga kiritdi. U Jahon kubogida ham g‘alaba qozongan.

Sindarov Gukeshning so‘nggi natijalariga e’tibor qaratmayapti

O‘zbekistonlik grossmeyster Gukeshning keyingi turnirlardagi natijalari uning haqiqiy imkoniyatlarini to‘liq aks ettirmasligini aytdi. Sindarovning fikricha, jahon chempionligi uchun bahs alohida tayyorgarlik va mutlaqo boshqa ruhiy bosim ostida o‘tadi.

«Gukesh juda kuchli shaxmatchi. Men u bilan bir necha marta o‘ynaganman va uning kuchini yaxshi bilaman. Bahs oldidan ko‘p narsa aytishni istamayman. Men shunchaki o‘zimning eng yaxshi o‘yinimni ko‘rsatib, bahsdan zavq olishni xohlayman», — dedi Sindarov.

Gukesh 2024-yilda jahon chempionligini qo‘lga kiritganidan keyin ayrim turnirlarda barqaror natija ko‘rsata olmayotgani muhokamalarga sabab bo‘lgan. Biroq Sindarov bu holatni bo‘lajak bahs uchun asosiy ko‘rsatkich deb hisoblamaydi.

«Jahon chempionligi uchun bahsda u butunlay boshqacha o‘ynashi mumkin. Men uning eng kuchli o‘yiniga qarshi tayyorgarlik ko‘ryapman».

Jahon chempionligi bahsi Jenevada bo‘lib o‘tadi

Javohir Sindarov va Gukesh Dommaraju o‘rtasidagi jahon chempionligi bahsi 25-noyabrdan 15-dekabrgacha Jenevada o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ikki grossmeyster 14 ta klassik partiyada kuch sinashadi. Har ikki shaxmatchi ham 20 yoshda bo‘lgani sababli, mazkur uchrashuv shaxmat tarixidagi eng yosh ishtirokchilar qatnashadigan jahon chempionligi bahsiga aylanishi kutilmoqda.

Tayyorlov usullari keskin o‘zgartirilmaydi

Sindarov Jenevadagi bahsga murabbiyi Roman Vidonyak boshchiligida tayyorgarlik ko‘rmoqda. Grossmeyster avvalgi musobaqalarda samara bergan tayyorlov tizimini tubdan o‘zgartirish niyatida emasligini bildirdi.

«Biz hamma narsani o‘zgartirmaymiz. Avvalgi turnirlarda qo‘llagan usullarimiz o‘z samarasini berdi. Endi ularni yanada takomillashtiramiz», — dedi Sindarov.

Uning fikricha, asosiy vazifa ilgari muvaffaqiyat keltirgan usullarni saqlab qolish va ularni Gukeshga qarshi bahs talablariga moslashtirishdan iborat.

Sindarovni bahsgacha yana yirik turnirlar kutmoqda

Jahon chempionligi uchun bellashuvdan oldin Sindarov yana bir nechta yirik musobaqalarda qatnashadi.

U Global Chess League musobaqasining to‘rtinchi mavsumida ishtirok etishi, shuningdek, Samarqandda o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi safida dona surishi rejalashtirilgan.

Avvalroq «Kursiv» Sindarov va Asaubayeva bir jamoada 1 mln dollar uchun kurashishi haqida yozgan edi.

Shuningdek