
Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodrigesning turmush qurgani haqidagi xabar futbolchining oilasi orasida ham munosabatlarga sabab bo‘ldi. Marca nashrining yozishicha, Ronalduning opasi Katia Aveyru juftlikning nikoh haqidagi postiga qisqa, ammo e’tiborli munosabat bildirgan.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Ronaldu va Jorjina 2026-yil 11-avgust kuni nikoh uzuklari ko‘rinib turgan suratni e’lon qilib, turmush qurganlarini tasdiqlagan. Katia Aveyru ushbu post ostida qora va qizil yurak emojilarini qoldirgan.
Katia Aveyru kim
Katia Aveyru 1977-yil 5-oktabrda Portugaliyaning Madeyra orolidagi Funchal shahrida tug‘ilgan. Uning to‘liq ismi Liliana Katia dos Santos Aveyru bo‘lib, u qo‘shiqchi, tadbirkor va ijtimoiy tarmoqlarda faol shaxs sifatida tanilgan. Shu bilan birga, u Krishtianu Ronalduning opasi sifatida ham keng jamoatchilikka ma’lum.
Katia 2005-yilda Ronalda taxallusi ostida musiqiy faoliyatini boshlagan. Keyinchalik u xalqaro prodyuserlar, jumladan RedOne bilan ham ishlagan. 2014-yilda «Survivors» loyihasida qatnashganidan so‘ng esa faoliyatini biznes yo‘nalishida davom ettira boshlagan.
Ikki yurak katta e’tibor tortdi
Marca yozishicha, Katia Aveyru Ronaldu va Jorjinaga uzun tabrik yoki alohida bayonot yozmagan. U juftlikning nikoh haqidagi postiga atigi ikkita – qora va qizil yurak emojisini qoldirgan. Aynan shu qisqa munosabat ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar e’tiborini tortgan.
Nashr ta’kidlashicha, bu munosabat Ronaldu oilasining yaqin a’zolaridan biri tomonidan bildirilgan dastlabki ochiq qo‘llab-quvvatlash belgilaridan biri sifatida qabul qilingan. Katia o‘z hissiyotlarini batafsil izohlamagan bo‘lsa-da, ikki emoji orqali juftlikning qarorini qo‘llab-quvvatlaganini ko‘rsatgan.
Ronaldu va Jorjina 2016-yildan beri birga
Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodrigesning munosabatlari 2016-yilda, futbolchi «Real Madrid» safida to‘p surayotgan davrda boshlangan. Keyingi yillarda ular Ronaldu faoliyatidagi klub va mamlakat almashishlarini birga boshdan kechirib, oila qurgan.
Avvalroq «Kursiv» Jorjina Rodrigesning bolaligi qanday o‘tgani haqida yozgan edi.