Samsung Galaxy S27 Edge 2027-yilda qaytishi mumkin

3-sentabr 2026 11:48 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Samsung Galaxy S27 Edge 2027-yilda qaytishi mumkin
Foto: Sammobile

Samsung 2027-yilda Sammobile Galaxy S27 Edge nomli yangi ultra yupqa smartfonni taqdim etishi mumkin. SamMobile ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya Edge liniyasini qayta tiklash ustida ishlayotgani haqida bir-biridan farq qiluvchi ikkita insayderlik xabari tarqalgan.

Hozircha Samsung yangi modelni rasman tasdiqlamagan. Shu sababli qurilmaning texnik xususiyatlari va taqdimot muddati haqidagi ma’lumotlar dastlabki mish-mishlar sifatida baholanmoqda.

Ekran o‘lchami bo‘yicha ma’lumotlar bir-biriga zid

Birinchi manbaga ko‘ra, Galaxy S27 Edge 5,8 dyuymli ekran, 4 300 mA·soat sig‘imli akkumulyator va qalinligi 4 mm atrofidagi juda yupqa korpusga ega bo‘lishi mumkin.

Boshqa manba esa mutlaqo boshqa parametrlarni keltirmoqda. Unga ko‘ra, smartfon 6,8 dyuymli ekran bilan jihozlanadi, korpus qalinligi esa 5,4 mmni tashkil etadi.

Shunday qilib, hozircha ikki manbaning texnik tafsilotlari bir-biriga mos kelmaydi. Ularni birlashtiradigan jihat esa Samsung yana ultra yupqa Edge modelini ishlab chiqayotgani haqidagi da’vodir.

Galaxy S25 Edge davomchisini bu yil olmadi

Samsung’ning avvalgi Galaxy S25 Edge modeli 6,7 dyuymli ekran va 5,8 mm qalinlikdagi korpusga ega edi.

Biroq smartfon kompaniya kutgan savdo natijalarini ko‘rsata olmadi. Bunga xaridorlarning, ayniqsa, akkumulyator ishlash muddati bo‘yicha bildirgan e’tirozlari sabab bo‘lgan omillardan biri sifatida qaraladi.

Shu sababli Samsung 2026-yilda Galaxy S25 Edge’ning to‘g‘ridan-to‘g‘ri davomchisini taqdim etmadi.

Kremniy-uglerodli batareya asosiy muammoni hal qilishi mumkin

Galaxy S27 Edge haqidagi eng qiziqarli taxminlardan biri uning yangi turdagi kremniy-uglerodli akkumulyator bilan jihozlanishi mumkinligidir.

Samsung bu texnologiyani joriy yilning o‘zida ayrim Galaxy qurilmalarida qo‘llay boshladi. Galaxy Z Flip 8, Galaxy Z Fold 8 va Galaxy Z Fold 8 Ultra modellari Si-C batareyalariga ega.

Kremniy-uglerodli texnologiya bir xil o‘lchamdagi korpusda yuqoriroq energiya sig‘imini ta’minlash imkonini beradi. Bu esa juda yupqa smartfonlarda akkumulyator hajmini oshirish uchun ayniqsa muhim.

Agar Samsung ushbu texnologiyani Galaxy S27 Edge’da qo‘llasa, Galaxy S25 Edge’ning eng zaif tomonlaridan biri hisoblangan batareya ishlash muddati yaxshilanishi mumkin.

Apple bilan raqobat ham sabab bo‘lishi mumkin

Apple ham 2027-yil boshida yangi iPhone Air modelini taqdim etishi mumkinligi haqida xabarlar bor.

Shu sababli Samsung ultra yupqa smartfonlar segmentida o‘zining asosiy raqibi bilan yana to‘g‘ridan-to‘g‘ri kurashishga qaror qilishi ehtimoli bor.

Edge modeli qaytadigan bo‘lsa, u Samsung’ning asosiy Galaxy S27 flagmanlari qatoridan tashqari alohida mahsulot sifatida joylashtirilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy Z Fold 8 ekranida yangi muammo aniqlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek