
Qozog‘istonlik shaxmatchi Bibisara Asaubayeva va o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Hindistonda o‘tkaziladigan nufuzli Tech Mahindra Global Chess League turnirida bir jamoa safida ishtirok etadi. Bu haqda Sports.kz xabar berdi.
Musobaqa 5 – 13-sentabr kunlari Hindistonning Bengaluru shahrida bo‘lib o‘tadi. Asaubayeva FYERS American Gambits jamoasi tarkibida, Sindarov esa ushbu jamoaning «ikona»si sifatida turnirda qatnashadi.
Jamoada yana kimlar bor
FYERS American Gambits safida O‘zbekiston va Qozog‘iston vakillaridan tashqari rossiyalik grossmeyster Daniyel Dubov, hindistonlik shaxmatchi Nihal Sarin, eronlik Sara Xadem hamda fransiyalik Mark-Andria Mauritszi ham o‘ynaydi.
Turnirda jami olti jamoa ishtirok etadi. Ular tarkibida jahon shaxmatining taniqli vakillari, jumladan, norvegiyalik jahon chempioni Magnus Karlsen, sobiq jahon chempioni Visvanatan Anand va jahon chempionligi uchun da’vogar Yan Nepomnyashiy ham bor.
Mukofot jamg‘armasi — $1 mln
Tech Mahindra Global Chess League musobaqasining umumiy mukofot jamg‘armasi 1 mln dollarni tashkil etadi.
Asaubayeva Hindistonga Fransiyadagi muvaffaqiyatli ishtirokidan so‘ng yo‘l oladi. U Sen-Tropedagi WR Women’s Chess Tour 2026 bosqichida rapid yo‘nalishida oltin, blits bahslarida esa kumush medalni qo‘lga kiritgan.
Shundan so‘ng shaxmatchi Parijda oilasi bilan bir necha kun vaqt o‘tkazgan.
Avvalroq Bibisara Asubayeva yangi Total Chess World Championship Tour turnirida dunyoning eng kuchli shaxmatchilari, jumladan, FIDE reytingi yetakchisi Magnus Karlsen bilan birga ishtirok etishi haqida xabar berilgandi.