
Apple kompaniyasi o‘z tarixidagi ilk buklanadigan smartfon – iPhone Duo modelini rasman taqdim etdi. Yangi model ikkita ekran, Apple A20 Pro protsessori, ikkita batareya va 48 MP kameralar tizimi bilan jihozlangan.
iPhone Duo ikkita ekran oldi
iPhone Duo’ning tashqi displeyi 5,4 dyuym, ichki buklanadigan ekrani esa 7,6 dyuymni tashkil qiladi. Apple ma’lumotiga ko‘ra, ichki displey maydoni iPhone 18 Pro Max ekranidan 50 foiz, iPhone 18 Pro ekranidan esa 80 foiz kattaroq.
Har ikkala ekran Apple Pencil USB-C bilan ishlaydi. Touch ID barmoq izi skaneri esa smartfonning yon tugmasiga joylashtirilgan.

Buklangan holatda qurilma odatiy smartfon sifatida ishlaydi, ochilganda esa kattaroq ekran bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifani bajarishga imkon beradi.
Ochilgan holatda Apple’ning eng yupqa smartfoni
Apple iPhone Duo ochilgan holatda kompaniya tarixidagi eng yupqa iPhone ekanini ta’kidladi.
Qurilma konstruksiyasida titan qotishmasidan keng foydalanilgan. Ekran va orqa panel Ceramic Shield himoya oynasi bilan qoplangan.
Smartfon IP65 standartiga muvofiq chang va suv ta’siridan himoyalangan.
A20 Pro protsessorida ishlaydi
iPhone Duo yangi Apple A20 Pro platformasi asosida ishlaydi. Bundan tashqari, buklanadigan displey bilan ishlash uchun alohida Display Engine chipi qo‘llanilgan.
Aloqa uchun esa Apple’ning yangi C2 modemi o‘rnatilgan.
Katta ichki ekran imkoniyatlaridan foydalanish uchun iPhone Duo’da ikkita ilovani bir vaqtning o‘zida ishga tushirish funksiyasi ham mavjud. Bu, masalan, ekraning bir tomonida video tomosha qilib, ikkinchi qismida messenjer yoki boshqa dastur bilan ishlash imkonini beradi.

Har bir qismida alohida batareya bor
Apple buklanadigan korpusning har bir yarmiga bittadan batareya joylashtirgan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, iPhone Duo to‘liq quvvatlanganda 21 soatgacha video tomosha qilish imkonini beradi.
Apple qurilmani bir quvvat bilan kun davomida ishlashga mo‘ljallangan ilk iPhone sifatida taqdim etmoqda.
Tezkor quvvatlash ham qo‘llab-quvvatlanadi. Smartfon batareyasini taxminan 20 daqiqada 50 foizgacha quvvatlash mumkin.
Ikkita 48 MP kamera o‘rnatilgan
iPhone Duo orqa tomonida ikkita 48 MP kamera mavjud. Asosiy modul keng burchakli obyektiv bilan jihozlangan va yaqinlashtirib suratga olish vazifasini ham bajaradi. Ikkinchi 48 MP modul esa ultra keng burchakli obyektivga ega.
Shu tariqa Apple buklanadigan modelda alohida telefoto kameradan foydalanmagan, balki asosiy yuqori aniqlikdagi sensor imkoniyatlari orqali zum funksiyasini amalga oshirgan.
Narxi $2000 dan boshlanadi
iPhone Duo’ning 256 GB ichki xotiraga ega boshlang‘ich versiyasi $2000 ga baholandi.
Apple yangi smartfon uchun oldindan buyurtmalarni 16-oktabrdan qabul qilishni boshlaydi. Qurilma 23-oktabrdan ochiq savdoga chiqariladi.
Avvalroq «Kursiv» iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max taqdim etilgani haqida yozgan edi.