Xiaomi 18 Pro orqa ekranida SI yordamida mini-ilovalar yaratish mumkin bo‘ladi

16-sentabr 2026 10:21 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Xiaomi 18 Pro orqa ekranida SI yordamida mini-ilovalar yaratish mumkin bo‘ladi
Foto: Xiaomi

Xiaomi 18 Pro seriyasining orqa displeyi endi faqat fon rasmi yoki vidjetlarni ko‘rsatish bilan cheklanmaydi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.

Yangi Versatile Back Screen tizimi foydalanuvchilarga sun’iy intellekt yordamida kichik ilovalar yaratish va ularni bevosita smartfonning orqa ekranida ishlatish imkonini beradi.

Orqa ekran uchun mini-ilovalarni foydalanuvchining o‘zi yaratadi

Xiaomi namoyish etgan misollar orasida tuxum pishirish taymeri, suv ichishni eslatuvchi vosita, Pomodoro taymeri, inglizcha so‘zlarni yodlash uchun vosita hamda retsept tavsiya qiluvchi karta bor.

Avvaldan tayyorlangan vidjetlar ro‘yxatidan tanlash o‘rniga, foydalanuvchi o‘ziga kerak bo‘lgan vazifa uchun kichik ilova yaratishi mumkin. Keyinchalik tez-tez ishlatiladigan ilovalarni orqa ekranga mahkamlab qo‘yish imkoniyati ham mavjud.

Funksiya Xiaomi 17 Pro’dagi tizim asosida rivojlantirildi

Yangi imkoniyat Xiaomi 17 Pro bilan taqdim etilgan MiShare orqa ekran tizimining davomi hisoblanadi.

Xiaomi ma’lumotiga ko‘ra, foydalanuvchilar avvalgi avloddagi ilova kartalari bilan kuniga 4 mln martadan ortiq o‘zaro aloqada bo‘lgan. Bundan tashqari, orqa ekran uchun har kuni 3,5 mln dan ortiq fon rasmi qo‘shilgan. Kompaniya aynan shu faollikdan so‘ng funksiyani yanada kengaytirishga qaror qilgan.

Xiaomi orqa ekranni alohida platformaga aylantirmoqchi

Xiaomi Group prezidenti va kompaniyaning smartfon bo‘limi rahbari Lu Veybingning aytishicha, foydalanuvchilarning orqa ekranga bo‘lgan ehtiyojlari turlicha.

Shu sabab Xiaomi bu yil orqa displeyni shunchaki qo‘shimcha ekran sifatida emas, balki foydalanuvchi uchun alohida funksional vosita sifatida rivojlantirishga e’tibor qaratmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Xiaomi 18 Fold 200 MP kamera va 6000 mA/soat batareya bilan sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.

Shuningdek