
«Barselona»ning sobiq himoyachisi Jerar Pike FYERS American Gambits jamoasi safida Tech Mahindra Global Chess League – 2026 musobaqasida uchinchi o‘rinni egallagan o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov va qozog‘istonlik Bibisara Assaubayevani tabrikladi.
«Salom, bolalar. Sizlarni tabriklamoqchiman, chunki biz uchinchi o‘rinni egalladik va menimcha, sizlar juda yaxshi ishtirok etdingiz. G‘alabaga juda yaqin edik. Shunga qaramay, men sizlar bilan juda faxrlanaman. Ishonchim komil, kelajakda albatta g‘alaba qozonamiz. American Gambits, olg‘a!» – dedi Pike Instagram’dagi murojaatida.
Sindarov Karlsendan ko‘proq ochko jamg‘ardi

Hindistonning Bangalor shahrida o‘tkazilgan Tech Mahindra Global Chess League – 2026 jamoaviy turnirida FYERS American Gambits bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Uchinchi o‘rin uchun bahsda jamoa CheQ Mumba Masters’ni ikki uchrashuvda ham mag‘lub etdi – 3,5:2,5 va 4:2.
Javohir Sindarov turnirda birinchi taxtada o‘ynagan shaxmatchilar orasida eng yaxshi natijani qayd etdi. U ochkolar soni bo‘yicha norvegiyalik sobiq jahon chempioni Magnus Karlsenni ham ortda qoldirdi. Bibisara Assaubayeva ham jamoaning bronza medalini qo‘lga kiritishiga muhim hissa qo‘shdi.
Jerar Pike 2026-yil avgustida FYERS American Gambits jamoasining strategik aksiyadori va hammuallif investoriga aylangan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Javohir Sindarov va Bibisara Assaubayeva O‘zbekistonga kelgani haqida xabar bergan edi.