
Oppo Find X10 smartfonida foydalanuvchining kundalik odatlarini o‘rganib, keyingi harakatlarni oldindan taklif qiladigan sun’iy intellekt funksiyalari joriy etilishi kutilmoqda. Qurilma ColorOS 17 bilan birga yil oxirida taqdim etilishi mumkin.
Dastlabki sinovlarda Find X10’dagi Xiaobu nomli AI-assistent alohida e’tibor qozongan. iFanR tomonidan ikki hafta davomida o‘tkazilgan testlarga ko‘ra, yordamchi foydalanuvchining mayda kundalik odatlarini eslab qoladi va vaqt o‘tishi bilan shu ma’lumotlar asosida tavsiyalar bera boshlaydi.
Telefon foydalanuvchi odatini oldindan bilishga urinadi
Masalan, foydalanuvchi ish vaqtidan keyin bir necha bor ma’lum ichimlik do‘konidan o‘tsa, telefon keyinchalik odatdagi ichimlikni buyurtma qilishni o‘zi taklif qilishi mumkin.
Bunda alohida ilovani ochish yoki so‘rov yozish talab qilinmaydi. Tizim ilgari kuzatilgan odatlarga asoslanib ehtimoliy ehtiyojni oldindan aniqlashga urinadi.
Shu bilan birga, ikki haftalik sinov bunday uzoq muddatli «xotira» tizimini to‘liq baholash uchun yetarli emas. Funksiya oylar davomida qay darajada aniq ishlashi hozircha noma’lum.
Kamera ham Hasselblad bilan sozlanmoqda
Dastlabki testlarda Find X10 kamerasi ham ijobiy baholangan. OPPO Hasselblad bilan ranglarni sozlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirmoqda.
Sinov mualliflarining qayd etishicha, suratlar haddan tashqari keskinlashtirilmagan va tabiiyroq ranglarda chiqadi.
Avvalroq «Kursiv» Oppo Find X10 Pro Max uchta 200 MP kamera bilan chiqishi haqida yozgan edi.