RFB «Toshkent» 2026-yil oxirigacha yangi platformani ishga tushiradi

Respublika fond birjasi «Toshkent» 2026-yil oxirigacha investorlar va professional bozor ishtirokchilari uchun yangi bozor ma’lumotlari platformasining dastlabki bosqichini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 17-sentabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan VIII xalqaro Cbonds konferensiyasida birja boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Fayzulla Toshov ma’lum qildi.
Investorlarga ko‘proq ma’lumot beriladi
Toshovning so‘zlariga ko‘ra, yangi platforma investorlarga qimmatli qog‘ozlarni sotib olish yoki sotish bo‘yicha qaror qabul qilish uchun zarur bo‘lgan yanada to‘liq va shaffof ma’lumotlarni taqdim etadi.
Platforma birjaning amaldagi koreys dasturiy majmuasidan alohida yaratiladi, biroq u bilan integratsiya qilinadi. Bozor ma’lumotlarini investorlar va professional ishtirokchilarga real vaqt rejimida yetkazish rejalashtirilmoqda.
Moliyaviy va tahliliy ma’lumotlar birlashtiriladi
Birja platformada emitentlar haqidagi moliyaviy hamda tahliliy ma’lumotlarni birlashtirishni ham rejalashtirgan.
Ma’lumotlardan investitsiya ilovalari va fond bozori bilan ishlovchi boshqa manfaatdor ishtirokchilar ham foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Platformaning birinchi bosqichini 2026-yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.
Avvalroq «Toshkent» Respublika fond birjasida ipoteka obligatsiyalari bo‘yicha ikkinchi birja bitimi amalga oshirilgani haqida xabar berilgandi. Bitim doirasida 40,14 mlrd so‘mlik ipoteka obligatsiyalari «Agrobank» AT ishtirokida yopiq obuna orqali joylashtirilgan.