Xiaomi 18 Pro va 18 Pro Max taqdimotdan oldin namoyish etildi

20-sentabr 2026 14:08 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Xiaomi 18 Pro va 18 Pro Max taqdimotdan oldin namoyish etildi
Foto: ITHome

Xiaomi kompaniyasi 23-sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan rasmiy taqdimotdan uch kun avval Xiaomi 18 Pro va Xiaomi 18 Pro Max flagman smartfonlarining qora va oq rangdagi suratlarini e’lon qildi.

Yangi modellarning asosiy xususiyatlaridan biri orqa paneldagi qo‘shimcha ekran bo‘lib qoladi. Kompaniya yangi avlodda uning funksiyalarini kengaytirgan.

Orqa ekran endi interaktiv ilovalarni ham qo‘llaydi

Xiaomi orqa paneldagi displeyni «universal orqa ekran» deb atamoqda. U yirik kamera blokiga integratsiya qilingan.

Displey soat, bildirishnomalar va tasvirlarni ko‘rsatishdan tashqari, interaktiv ilovalar va vidjetlarni ham ishga tushira oladi. Kompaniya sun’iy intellekt yordamida yaratiladigan funksiyalarni ham qo‘shgan.

Masalan, orqa ekranda tuxum pishirish taymeri, suv iste’molini kuzatish, inglizcha so‘zlarni yodlash kartochkalari va retsept tavsiyalari ishlashi mumkin.

Leica kamerasi ikkita 200 MP sensor oladi

Foto: ITHome

Xiaomi yangi flagmanlarda Leica bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan kamera tizimini qo‘llaydi.

Kompaniya rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, Xiaomi 18 Pro seriyasidagi kamera tizimida ikkita 200 megapikselli modul bo‘ladi.

Shuningdek, smartfonlar yangi avlod Super Pixel ekraniga va M11 yorug‘lik tizimiga ega bo‘ladi. Displey atrofidagi ramka qalinligi 0,99 mm gacha qisqartirilgan.

2 nm chip va 8 500 mA/soatgacha akkumulyator

Xiaomi 18 Pro seriyasi 2 nanometrli texnologik jarayonda ishlab chiqarilgan yangi flagman mobil platformani oladi. Kompaniya chip nomini hozircha ochiqlamagan, biroq u yangi avlod yuqori darajadagi Qualcomm platformasi bo‘lishi kutilmoqda.

Xiaomi 18 Pro 7 000 mA/soat sig‘imli Jinshajiang akkumulyatori bilan jihozlanadi.

Xiaomi 18 Pro Max esa 8 500 mA/soat sig‘imli batareyaga ega bo‘ladi. Akkumulyatorlarda kremniy miqdori 32% gacha bo‘lgan texnologiya qo‘llanadi. Bu batareya hajmini sezilarli oshirmasdan sig‘imni ko‘paytirishga imkon beradi.

Rasmiy taqdimot 23-sentabrda bo‘ladi

Xiaomi 18 Pro va Xiaomi 18 Pro Max’ning to‘liq taqdimoti 23-sentabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 19:00 da o‘tkaziladi.

Avvalroq «Kursiv» Xiaomi 18 Pro orqa ekranida SI yordamida mini-ilovalar yaratish mumkinligi haqida yozgan edi.

Shuningdek