Vivo X500 narxi avvalgi modeldan qimmat bo‘lishi mumkin

21-sentabr 2026 07:50 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Vivo X500 narxi avvalgi modeldan qimmat bo‘lishi mumkin
Foto: Vivo

Vivo kompaniyasining yangi Vivo X500 smartfoni avvalgi avlodga nisbatan sezilarli darajada qimmatlashishi mumkin. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.

Internetda tarqalgan taqdimot suratiga ko‘ra, Vivo X500’ning boshlang‘ich narxi 6 499 yuan yoki qariyb $970 etib belgilanishi mumkin.

Gizmochina nashri yozishicha, sizdirilgan surat Vivo taqdimot slaydlaridan biri bo‘lishi mumkin. Unda smartfonning bir nechta konfiguratsiyasi uchun narxlar ko‘rsatilgan.

Bazaviy model 6 499 yuan ($970)dan boshlanishi, keyingi versiyalar esa 6 999 yuan ($1 045), 7 499 yuan ($1 119) va 7 999 yuan ($1 193)ga baholanishi mumkin. Suratda yana bir konfiguratsiya narxi mavjud, biroq uning to‘liq qiymati ko‘rinmaydi.

Vivo X300 bilan farq qancha

Taqqoslash uchun, Vivo X300 Xitoy bozorida 12 GB tezkor va 256 GB doimiy xotirali versiyada 4 399 yuan atrofidagi narxda sotuvga chiqqan edi. 16 GB tezkor va 1 TB doimiy xotirali eng yuqori konfiguratsiya esa 5 799 yuanga baholangan.

Agar Vivo X500 bo‘yicha sizdirilgan ma’lumotlar tasdiqlansa, yangi modelning boshlang‘ich narxi X300 bazaviy versiyasidan 2 100 yuan yoki qariyb $313 qimmatroq bo‘ladi. Bu qariyb 48%lik o‘sishni anglatadi.

Shuningdek, sizdirilgan ro‘yxatdagi barcha narxlar Vivo X300’ning eng qimmat konfiguratsiyasi dastlabki qiymatidan ham yuqori.

Qimmatlashuvga nima sabab bo‘lishi mumkin

2026-yilda Xitoy smartfon bozorida narxlarning oshishi faqat Vivo bilan cheklanmayapti. Huawei, Xiaomi va Honor kabi ishlab chiqaruvchilar ham ayrim qurilmalar narxini oshirdi. Bunga, xususan, xotira komponentlari tannarxining ko‘tarilishi sabab sifatida ko‘rsatilmoqda.

Biroq Vivo X500 narxining qariyb 50 foizga oshishi tasdiqlansa, bu bozordagi odatiy qimmatlashuvdan ancha katta sakrash bo‘ladi.

Qurilmaning taxminiy narxini faqat protsessor bilan izohlash ham qiyin. Geekbench ma’lumotlarida Vivo X500 12 GB tezkor xotira hamda MediaTek Dimensity 9500 yoki Dimensity 9600M chipi bilan qayd etilgan. Ushbu platforma X500 liniyasidagi nisbatan arzonroq model uchun mo‘ljallanishi kutilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Vivo X500 taqdimotdan oldin sinovdan o‘tkazilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek