Vivo X500 Pro va X500 Pro Max taqdimotdan oldin rasman ochiqlandi

21-sentabr 2026 15:39 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Vivo X500 Pro va X500 Pro Max taqdimotdan oldin rasman ochiqlandi
Foto: Vivo

Vivo kompaniyasi 21-sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan taqdimotidan oldin yangi Vivo X500 Pro va Vivo X500 Pro Max smartfonlarining asosiy xususiyatlarini ma’lum qildi. Qurilmalar, ayniqsa, kamera imkoniyatlari bilan ajralib turadi.

Vivo X500 Pro qanday kameraga ega bo‘ladi

Vivo mahsulot menejeri Xan Bosyaoning ma’lum qilishicha, X500 Pro asosiy kamerasi Zeiss optikasi va BlueTouch M900 sensoriga ega bo‘ladi. Kamera uchun 17 EV dinamik diapazon ko‘rsatkichi qayd etilgan.

Shuningdek, smartfon 85 mm Zeiss APO supertelefoto kamerasi bilan jihozlanadi. Unda BlueTouch va Sony hamkorligida ishlab chiqilgan LYTIA 610 sensori qo‘llanadi.

Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, yangi kamera tizimida shovqinni kamaytirish va turli yoritish sharoitlarida detallarni yaxshiroq saqlashga alohida e’tibor qaratilgan.

2 nm Dimensity 9600 Pro protsessori

Vivo X500 Pro yangi Blue Crystal × Dimensity 9600 Pro platformasida ishlaydi. Chip 2 nanometrli texnologik jarayon asosida ishlab chiqarilgan.

Vivo vakilining ta’kidlashicha, platforma fotosuratlarni qayta ishlash va sun’iy intellekt bilan bog‘liq vazifalarda yuqori unumdorlikni ta’minlaydi.

Smartfon korpusining qalinligi 7,95 mm, ekran diagonali esa 6,36 dyuymni tashkil etadi. Qurilmaga BOE kompaniyasining yangi Q11 paneli o‘rnatiladi.

Vivo X500 Pro Max 200 MP telefoto kamera oladi

Seriyaning yuqori modeli – Vivo X500 Pro Max esa 6,85 dyuymli 2K BOE Q11 Zeiss Master Color Screen displeyi bilan jihozlanadi.

Smartfonning asosiy xususiyatlaridan biri 200 megapikselli Zeiss APO supertelefoto kamera bo‘ladi. Unda 1/1,4 dyuymli Blueprint × Samsung HP0 sensori ishlatiladi.

Asosiy va periskop kameralar bir vaqtning o‘zida CIPA 7.0 darajasidagi stabilizatsiyani qo‘llab-quvvatlaydi. Bunday ko‘rsatkich qo‘lda suratga olish va video yozishda tasvir tebranishini sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qiladi.

Qo‘shimcha tashqi obyektivlar ham taklif etiladi

Vivo X500 seriyasi uchun uzoq masofadan suratga olish imkoniyatini kengaytiradigan qo‘shimcha tashqi obyektivlar ham chiqariladi.

Yangi aksessuarlar smartfon kameralarining optik imkoniyatlarini oshirishga mo‘ljallangan bo‘lib, ayniqsa, uzoqdagi obyektlarni suratga olishda qo‘l kelishi kutilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Vivo X500 narxi avvalgi modeldan qimmat bo‘lishi mumkinligi haqida yozgan edi.

Shuningdek