O‘zbekistonda «Statistikani rivojlantirish – 2030» strategiyasi taqdim etildi

O‘zbekistonda milliy statistika tizimini 2030-yilgacha modernizatsiya qilishga qaratilgan «Statistikani rivojlantirish – 2030» milliy strategiyasi taqdim etildi. Hujjatda statistika sifatini oshirish, sun’iy intellektdan foydalanish, ma’lumotlarni raqamlashtirish va foydalanuvchilar uchun ochiqlikni kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Strategiya 22-sentabr kuni Toshkentda Milliy statistika qo‘mitasi va Jahon banki ishtirokida o‘tkazilgan anjumanda taqdim etildi, deya xabar berdi Kursiv Uzbekistan muxbiri.
Strategiyada 11 ta maqsad belgilangan
Strategiya doirasida milliy statistika tizimini rivojlantirish bo‘yicha 11 ta strategik maqsad belgilangan.
Ular orasida statistikani boshqarish va standartlarni takomillashtirish, xalqaro standartlarga mos statistika sohalarini rivojlantirish, respondentlar yukini kamaytirish, tezkor va tahliliy qiymati yuqori ma’lumotlarni tayyorlash hamda muqobil ma’lumot manbalaridan foydalanishni kengaytirish bor.
«2030-yilga borib biznes zimmasidagi statistik hisobot yukini 20 foizga kamaytirishni maqsad qilganmiz. Fuqarolar va tadbirkorlar davlat tizimlarida allaqachon mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni qayta-qayta taqdim etmasligi kerak. Biz bevosita kamroq ma’lumot yig‘ib, mavjud ma’lumotlardan ko‘proq foydalanish va shu orqali sifatli statistikani kamroq yuk bilan shakllantirishga o‘tamiz», deya qayd etdi Milliy statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamrayev o‘z nutqida.
Shuningdek, strategiyada eksperimental statistika, batafsil va ko‘p o‘lchamli ma’lumotlar, foydalanuvchilar bilan muloqot, statistik innovatsiyalar va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Beshta asosiy yo‘nalishga e’tibor qaratiladi
Strategiyani amalga oshirish beshta asosiy yo‘nalishga tayangan holda olib boriladi. Bular institutlarni kuchaytirish, statistik ma’lumotlar sifatini yaxshilash, texnologik modernizatsiya, foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan iborat.
Texnologik modernizatsiya doirasida raqamli transformatsiya, innovatsiyalar va yangi texnologiyalarni statistik jarayonlarga kengroq joriy etish rejalashtirilgan.
Sun’iy intellekt statistikada qo‘llanadi
Shuningdek, o‘qing: Milliy ma’lumotlar platformasi, SI: O‘zbekistonda statistika tizimi yangilanadi
Strategiyada sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga alohida e’tibor berilgan.
Jumladan, ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish jarayonlarini avtomatlashtirish, tezkor va aniq statistik ma’lumotlar tayyorlash hamda qarorlar qabul qilish uchun yangi tahliliy vositalardan foydalanish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, biznes reyestrini rivojlantirish, iqtisodiy birliklarni to‘liq hisobga olish va ma’lumotlar bazalarini o‘zaro bog‘lash rejalashtirilgan.
«Raqamli transformatsiya statistika tizimini modernizatsiya qilishning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi. 2030-yilgacha sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida ma’lumotlarni qayta ishlash vaqtini 20 foizga, bir birlik ma’lumotni qayta ishlash xarajatlarini esa 25 foizga kamaytirish rejalashtirilgan. Kamida beshta sun’iy intellekt va data science yechimi amaliyotga joriy etiladi», — deydi Hamrayev.
Aholi va qishloq xo‘jaligi ro‘yxati ham strategiyaga kiritilgan
Strategiyaning amaliy yo‘nalishlaridan biri aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tizimini takomillashtirish hisoblanadi.
Mazkur ma’lumotlar zamonaviy statistika registrlarini shakllantirish va keyingi statistik kuzatuvlar uchun mustahkam asos yaratishi ko‘zda tutilgan.
Strategiya uch bosqichda amalga oshiriladi
Rejaga ko‘ra, 2026-yilda strategiyaning asosiy poydevori yaratiladi. Bu bosqichda registrlardan foydalanish, ma’lumotlarni yig‘ish tizimini rivojlantirish va sun’iy intellektdan foydalanishga tayyorgarlik ishlari amalga oshiriladi.
2027–2028-yillarda kengaytirish va modernizatsiya qilish bosqichi boshlanadi. 2029–2030-yillarda esa joriy etilgan tizimlarni mustahkamlash va institutsionallashtirish rejalashtirilgan.
Strategiyaning yakuniy maqsadi ishonchli va sifatli ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilish imkonini beruvchi zamonaviy milliy statistika tizimini shakllantirishdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Milliy statistika qo‘mitasi talabalar uchun stipendiya tanlovini e’lon qilgani haqida xabar berilgandi.