Yulduzlik kasali yo‘q — qozog‘istonlik futbolchi Abduqodir Husanov haqida gapirdi

22-sentabr 2026 08:05 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Yulduzlik kasali yo‘q — qozog‘istonlik futbolchi Abduqodir Husanov haqida
Foto: Instagram/ Husanov

Qozog‘istonning «Ulytau» klubi hujumchisi Bakdaulet Zulfikarov «Manchester Siti» va O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov bilan do‘stligi hamda uning maydon tashqarisidagi xarakteri haqida gapirdi. Bu haqda Prosports.kz xabar berdi.

«Juda kamtar va ochiqko‘ngil»

Zulfikarovning aytishicha, u Husanovni Belarusning «Energetik-BGU» klubidagi davridan beri yaxshi biladi. O‘sha paytda Husanov jamoa tarkibida bo‘lgan, biroq yosh bilan bog‘liq cheklovlar sabab rasmiy o‘yinlarda debyut qila olmagan.

Qozog‘istonlik futbolchi Husanov bilan hamon yaqin munosabatda ekanini bildirib, imkon tug‘ilishi bilan eski do‘sti bilan uchrashishga tayyorligini aytdi. U Husanovning maydon tashqarisidagi fazilatlariga ham alohida to‘xtaldi.

Zulfikarovning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik himoyachi juda kamtar, mehribon va ochiqko‘ngil inson bo‘lib, unda «yulduzlik kasali» yo‘q.

Husanovning faoliyati keskin yuqoriladi

Husanov «Energetik-BGU»dan keyin faoliyatini Yevropaning kuchli chempionatlarida davom ettirdi. 2023-yil yozida u Fransiyaning «Lens» klubiga o‘tdi.

2025-yil yanvarida esa himoyachi Angliyaning «Manchester Siti» klubi safiga qo‘shildi. Transfer qiymati €40 mlnni tashkil etdi.

Zulfikarov esa hozirda «Ulytau» sharafini himoya qilmoqda. 25 yoshli hujumchi jamoa safida 12 ta uchrashuvda maydonga tushib, beshta gol urdi va bitta golli uzatmani amalga oshirdi.

Avvalroq «Kursiv» «Manchester Siti» mag‘lubiyatdan so‘ng Abduqodir Husanov borasida qarorini e’lon qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek