Markaziy bank raqamli so‘mni ishga tushirmasligi mumkin

O‘zbekiston Markaziy banki 2026–2029-yillarga mo‘ljallangan ulgurji raqamli so‘mni o‘rganish bo‘yicha 36 oylik yo‘l xaritasini taqdim etdi. Biroq loyiha yakunida raqamli valyutani to‘liq joriy etish kafolatlanmagan. Agar sinovlarning dastlabki bosqichlari O‘zbekistonda bunday vositaga amaliy ehtiyoj yo‘qligini ko‘rsatsa, Markaziy bank loyihani keyingi bosqichga olib chiqmasligi mumkin. Bu haqda 24-sentabr kuni Markaziy bankda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Raqamli so‘mni sinovdan o‘tkazish uch bosqichda amalga oshiriladi
Yo‘l xaritasiga ko‘ra, raqamli so‘m loyihasini o‘rganish uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, bu davrda Markaziy bank raqamli valyuta bo‘yicha White Paper hujjatini e’lon qilish, mahalliy va xalqaro ishchi guruhlarni shakllantirish hamda loyihani texnik, huquqiy va makroiqtisodiy jihatdan baholashni rejalashtirmoqda.
2027–2028-yillarda ikkinchi, sinov bosqichiga o‘tilishi ko‘zda tutilgan. Unda texnik integratsiya imkoniyatlarini o‘rganish, mahalliy sinov muhitini yaratish va raqamli valyuta tizimini pilot rejimda ishga tushirish rejalashtirilgan.
2028–2029-yillarga mo‘ljallangan uchinchi bosqichda esa bozor ishtirokchilarini tizimga bosqichma-bosqich ulash, sinov natijalarini baholash va ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda raqamli so‘m tizimini to‘liq ishga tushirish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Shu bilan birga, Markaziy bank ikkinchi bosqich yakunlariga ko‘ra uchinchi bosqichga umuman o‘tilmasligi mumkinligini ham ochiq aytmoqda.
Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayevning aytishicha, agar ikkinchi bosqichdayoq O‘zbekistonda raqamli valyutadan foydalanishga ehtiyoj yo‘qligi aniqlansa, loyiha uchinchi bosqichga o‘tkazilmaydi.
«Agar ikkinchi bosqichdayoq respublikada raqamli valyutadan foydalanishga ehtiyoj yo‘qligini aniqlasak, tegishli ravishda uchinchi bosqichga o‘tmaymiz», — dedi u 24-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, uchinchi bosqich raqamli valyuta loyihasini bozorga kengaytirishni nazarda tutadi. Demak, 2026–2029-yillarga mo‘ljallangan yo‘l xaritasining mavjudligi raqamli so‘m aynan 2029-yilgacha albatta ishga tushirilishini anglatmaydi. Yakuniy qaror avvalgi bosqichlarda olingan natijalarga bog‘liq bo‘ladi.
Raqamli so‘mdan qayerlarda foydalanish mumkin
Matbuot anjumanida Markaziy bank ulgurji raqamli valyutadan foydalanishning ehtimoliy yo‘nalishlarini ham ma’lum qildi.
Shunday ssenariylardan biri davlat xaridlari bilan bog‘liq. Bunda davlat tomonidan ajratilgan mablag‘lardan faqat tasdiqlangan yetkazib beruvchilar bilan hisob-kitob qilish, to‘lovlarni belgilangan summalar doirasida va ko‘zda tutilgan budjet yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirish imkonini beradigan mexanizmni o‘rganish rejalashtirilmoqda.
Yana bir ehtimoliy yo‘nalish infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish bilan bog‘liq. Bunday mexanizmda pudratchilarga to‘lovlar tegishli ishlar bajarilgani tasdiqlanganidan keyin bosqichma-bosqich amalga oshirilishi mumkin.
Biroq Markaziy bank hozircha ushbu mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilmagan. Gap faqat raqamli valyutaning amaliy imkoniyatlarini baholash doirasidagi ehtimoliy ssenariylar haqida ketmoqda.
Nega Markaziy bank ulgurji raqamli so‘mga e’tibor qaratmoqda
Markaziy bank dastlab ulgurji raqamli valyuta — wholesale CBDC’ni o‘rganishga e’tibor qaratmoqda. Bunday raqamli valyuta, avvalo, banklar va moliya tizimining boshqa ishtirokchilari o‘rtasidagi hisob-kitoblar uchun mo‘ljallanadi.

Hozircha regulyator aholi uchun mo‘ljallangan chakana raqamli valyutani ishga tushirish zaruratini ko‘rmayapti.
Markaziy bankning pozitsiyasiga ko‘ra, O‘zbekistonda chakana to‘lovlar uchun mavjud infratuzilma yetarlicha rivojlangan. Mamlakatda Uzcard va Humo kabi milliy to‘lov tizimlari faoliyat yuritadi, banklar va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalari esa aholiga kundalik to‘lov va boshqa moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish imkonini bermoqda.
Shu sababli regulyator, avvalo, ulgurji raqamli valyuta mavjud moliyaviy infratuzilmaga qanday qo‘shimcha imkoniyat berishi va uni joriy etishga real amaliy ehtiyoj bor-yo‘qligini aniqlamoqchi.
Markaziy bank raqamli so‘mning qanday imkoniyatlarini tekshiradi
Loyiha doirasida wholesale CBDC’ning bir qator ehtimoliy afzalliklarini baholash rejalashtirilgan. Ular qatoriga hisob-kitoblar samaradorligini oshirish, operatsiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirish hamda taqsimlangan reyestr texnologiyasidan foydalanish orqali tizimning operatsion barqarorligini kuchaytirish kiradi.
Bundan tashqari, raqamli valyuta tizimi hisob-kitoblarni amalga oshirish va likvidlikni 24/7 rejimida taqdim etish imkoniyatini berishi mumkin.
Markaziy bank ushbu imkoniyatlarning amaliy samaradorligini aynan sinov jarayonida baholashni rejalashtirmoqda. Natijalar esa loyihani keyingi bosqichga olib chiqish yoki undan voz kechish bo‘yicha qaror qabul qilishda asos bo‘ladi.
White Paper’da raqamli so‘mning keyingi taqdiri aks etadi
Loyihaning birinchi bosqichida Markaziy bank raqamli so‘m bo‘yicha White Paper hujjatini tayyorlab, e’lon qilishni rejalashtirgan.
Ushbu hujjatda raqamli valyutadan foydalanishning ehtimoliy ssenariylari, regulyatorning keyingi qadamlari hamda loyihani o‘rganish bo‘yicha yo‘l xaritasi batafsil yoritilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank xalqaro zaxiralarning bir qismini tashqi boshqaruvga berishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, tashqi boshqaruvdan foydalanish zaxiralarni diversifikatsiya qilish bilan birga Markaziy bank mutaxassislarining xalqaro bozorlardagi tajribasini oshirishga xizmat qiladi.