Changan Nevo Q06 bir kunda 35 mingta buyurtma oldi

25-sentabr 2026 12:12 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Changan Nevo Q06 bir kunda 35 mingta buyurtma oldi
Foto: Changan

Changan’ning yangi Changan Nevo Q06 krossoveri Xitoyda sotuv boshlanganidan keyingi dastlabki 24 soat ichida 35 mingta buyurtma oldi. Modelning boshlang‘ich narxi $20,8 mingni tashkil etadi.

Nevo Q06 23-sentabr kuni Xitoy bozorida sotuvga chiqarilgan. Ishlab chiqaruvchi ma’lumotiga ko‘ra, bir sutka ichida avtomobilga 35 mingta buyurtma rasmiylashtirilgan.

Taqqoslash uchun, BYD Song Ultra EV Xitoyda sotuv boshlanganidan keyingi birinchi haftada 37 216 ta buyurtma olgan.

Narxi $20,8 mingdan boshlanadi

Changan Nevo Q06’ning Xitoydagi narxi $20 845 dan $25 315 gacha. Model kelajakda boshqa mamlakatlar bozorlariga ham chiqarilishi kutilmoqda.

Changan Nevo brendi 2026-yilning yanvar – avgust oylarida 215 533 ta avtomobil yetkazib bergan. Bu o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 44,9% ko‘p.

Foto: Changan

700 km gacha yurish zaxirasi

Nevo Q06 bir nechta elektr va gibrid modifikatsiyalarda taklif etiladi. Elektromobil versiyalarining quvvati 302 ot kuchidan 443 ot kuchigacha yetadi. Batareya sig‘imiga qarab, bir quvvatlashda CLTC sikli bo‘yicha 602 km, 670 km yoki 700 km masofa bosib o‘tishi mumkin.

EREV versiyasi esa 362 ot kuchiga ega. Undagi 28,4 kVt/soat batareya elektr rejimida 200 km yurishga imkon beradi. 1,5 litrli benzin generatori bilan umumiy yurish zaxirasi 1600 km gacha yetadi.

LiDAR va 560 TOPS quvvatli protsessor

Foto: Changan

Krossover tom qismiga o‘rnatilgan 256 kanalli LiDAR, 11 ta kamera va uchta millimetr diapazonidagi radar bilan jihozlangan.

Haydovchiga yordam beruvchi tizimlar 560 TOPS gacha hisoblash quvvatiga ega protsessordan foydalanadi.

Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, avtomobil favqulodda vaziyatda 135 km/soat tezlikdan avtomatik to‘xtay oladi. Shuningdek, 60 – 120 km/soat tezlikda ishlaydigan avtomatik favqulodda burilish tizimi mavjud.

Salonda muzlatkich ham bor

Nevo Q06 uzunligi 4 837 mm, eni 1 970 mm va balandligi 1 670 mm. G‘ildirak bazasi 2 940 mm. Besh o‘rindiqli salonda 15,6 dyuymli markaziy ekran, shiftga o‘rnatilgan monitor va ichki muzlatkich mavjud.

Asosiy yukxona hajmi 782 litrni tashkil etadi. Elektr versiyada kapot ostida qo‘shimcha 196 litrli yuk bo‘limi ham bor.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Changan Nevo Q06 avtomobili sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.

Shuningdek