
Honor kompaniyasi yangi Honor Magic9 Pro Max smartfonining ayrim xususiyatlarini ma’lum qildi. Bu haqda ITHome nashri xabar bermoqda.
Model 10 000 nitgacha pik yorqinlikka ega ekran, 11 000 mA/soat sig‘imli batareya va 200 MP asosiy kamera bilan jihozlanadi. Yangi Honor Magic9 seriyasi 28-sentabr kuni sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgan.
Ekran 5600 qatlamli qoplama oladi
Honor vakili Van Feyning ma’lum qilishicha, Magic9 Pro Max kompaniya ishlab chiqqan premium ekran bilan jihozlanadi.

Displey «qora olmos» qoplamasiga ega bo‘lib, uning tarkibida 5 600 qatlam kremniy nitridi qo‘llanilgan. Natijada ekranning aks ettirish darajasi 1,5 foizgacha kamaytirilgani aytilmoqda.
Rasmiy posterga ko‘ra, ekran odatiy smartfon displeylariga nisbatan tushishga 25 barobar, tirnalishga esa 15 barobar chidamliroq bo‘ladi.
Pik yorqinlik 10 000 nitga yetadi
Magic9 Pro Max ekranining maksimal pik yorqinligi 10 000 nitni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich, ayniqsa, kuchli quyosh nuri ostida tasvirning yaxshi ko‘rinishini ta’minlashga qaratilgan.
Batareya sig‘imi 11 000 mA/soat bo‘ladi
Avvalroq smartfon 11 000 mA/soat sig‘imli batareya olishi ma’lum qilingan edi. Shunga qaramay, qurilmaning qalinligi 8,1 mm, og‘irligi esa 227 grammni tashkil etishi kutilmoqda.
Smartfon 80 Vt quvvatli simli va 50 Vt quvvatli simsiz tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Asosiy kamera 200 MP bo‘ladi
Honor Magic9 Pro Max old kamerasi 50 MP sensorga ega bo‘ladi. Asosiy kamera bloki esa 200 MP asosiy modul, 12 MP ultra keng burchakli kamera va 3 karra optik zumga ega 50 MP teleobyektivdan iborat bo‘ladi. Honor Magic9 seriyasi 28-sentabr kuni soat 14:30 da sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Honor Magic 9 narxi rasman e’lon qilingani haqida yozgan edi.