O‘zbekiston vakillari FIDEda muhim lavozimlarga saylandi

30-sentabr 2026 11:55 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston shaxmat vakillari FIDE tizimida muhim lavozimlarni egalladi. 2004-yil FIDE jahon chempioni, grossmeyster Rustam Qosimjonov FIDEning faxriy vitse-prezidenti, Hulkar Tohirjonova esa tashkilotning Markaziy Osiyoni qamrab oluvchi 3.4-zonasi prezidenti etib saylandi.

Rustam Qosimjonov faxriy vitse-prezident bo‘ldi

FIDE tizimiga yangi kiritilgan faxriy vitse-prezident lavozimiga to‘rt nafar mutaxassis saylangan bo‘lib, ular orasidan Rustam Qosimjonov ham joy oldi.

Qosimjonov 2004-yilda FIDE jahon chempioni bo‘lgan. U grossmeyster va murabbiy sifatida ham faoliyat yuritadi.

Hulkar Tohirjonova to‘rt ovoz bilan g‘alaba qozondi

Foto: fide.com

FIDE arbitri va WFM unvoniga ega Hulkar Tohirjonova FIDEning 3.4-zonasi prezidenti etib saylandi. Ushbu zonaga O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston kiradi.

Tohirjonovaning jurnalistlarga aytishicha, uning nomzodi saylovda O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan.

«Bu saylovda O‘zbekiston nomidan mening nomzodim ilgari surildi va biz to‘rt ovoz bilan g‘alaba qozondik. Saylov har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladi. Men Osiyoda ayollar orasida birinchi marta prezidentlik lavozimiga saylandim», – dedi u.

Asosiy e’tibor ayollar va bolalar shaxmatiga qaratiladi

Tohirjonovaning ta’kidlashicha, yangi lavozimdagi asosiy maqsadlardan biri Markaziy Osiyoda shaxmatni rivojlantirish bo‘ladi.

U ayollar va bolalar shaxmatiga ko‘proq e’tibor qaratish, Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari hamda seanslarni birgalikda tashkil etish rejalashtirilayotganini aytdi.

Shuningdek, mintaqa mamlakatlari shaxmatchilarini O‘zbekistondagi turnirlarga taklif qilish hamda o‘zbekistonlik yosh shaxmatchilarni Markaziy Osiyodagi musobaqalarga yuborish ko‘zda tutilgan.

«Bu maqsadlarni amalga oshirishda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bor. O‘ylaymanki, keyingi to‘rt yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo shaxmatida katta o‘zgarishlar qila oladi», – dedi Hulkar Tohirjonova.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Javohir Sindarov prezident sovg‘a qilgan avtomobilni ko‘rsatgani haqida yozgan edi.

Shuningdek