
BMW benzinli 3 Series’ning sakkizinchi avlodini taqdim etdi. Yangi avlod dastlab M350 xDrive versiyasida namoyish qilindi. U amaldagi M340i xDrive o‘rnini egallaydi.
Model modernizatsiya qilingan CLAR platformasida qolgan bo‘lsa-da, tashqi ko‘rinish va salon to‘liq yangilangan.
Tashqi dizayn yangilandi
Yangi BMW 3 qoraytirilgan radiator panjarasi, kattalashtirilgan havo kirish teshiklari, yangilangan orqa chiroqlar, diffuzor va to‘rtta chiqarish quvuriga ega.
330, 330 xDrive va M350 xDrive versiyalarining uzunligi 4 754 mm, eni 1 849 mm, balandligi 1 455 mm ni tashkil etadi.
Benzinli versiyalar modernizatsiya qilingan CLAR platformasidan foydalanadi. Elektr BMW i3 esa kompaniyaning yangi arxitekturasida yaratilgan.

Salon elektr BMW’lar uslubida
Yangi 3 Series saloni BMW’ning so‘nggi elektr modellari uslubida ishlab chiqilgan.
Unda 17,9 dyuymli egilgan multimedia ekrani, BMW iDrive tizimi va ixtiyoriy 3D proyeksion displey mavjud.
Shuningdek, panel bezagi, materiallar va salon yoritilishi ham yangilangan. M350 xDrive uchun yon tayanchlari kattalashtirilgan M Sport sport o‘rindiqlari taklif etiladi.
M350 xDrive 437 ot kuchiga ega
Top versiya 3 litrli qatorli olti silindrli turbo dvigatel va 48 voltli yumshoq gibrid tizim bilan jihozlangan. Umumiy quvvat 437 ot kuchini, aylanish momenti esa 580 Nm ni tashkil etadi.
Dvigatel sakkiz pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi va to‘liq uzatma tizimi bilan ishlaydi. M350 xDrive 0 dan 96 km/soat tezlikka 3,9 soniyada chiqadi. Maksimal tezlik 209 km/soat, ixtiyoriy sport shinalari bilan esa 250 km/soatgacha yetadi.

Oddiy versiyalarda 255 ot kuchi
BMW 330 va 330 xDrive versiyalari 2 litrli turbo dvigatel bilan jihozlangan. U 255 ot kuchi va 400 Nm aylanish momentini ishlab chiqaradi.
«Drift» rejimi ham bo‘ladi
BMW yangi avlod 3 Series shassisini ham qayta ishladi. Old osma ikki richagli sxemaga o‘tkazilgan, iz kengligi oshirilgan, yangi g‘ildirak va shinalar qo‘llangan.
M350 xDrive’da adaptiv M Sport osmasi standart jihoz hisoblanadi. Shuningdek, model «Drift» rejimini ham oladi. Ushbu rejimda tortish kuchi to‘liq orqa g‘ildiraklarga uzatiladi. Funksiyani kelasi yil OTA-yangilanish orqali faollashtirish rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri BMW bilan YPX inspektori o‘limiga sabab bo‘lgan yigit 2 yilga qamalgani haqida yozgan edi.