
Amerikalik mashhur bloger Jimmi Donaldson, ya’ni MrBeast Toshkentga tashrif buyurdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u Qatar Executive kompaniyasiga tegishli Gulfstream G700 xususiy samolyotida Tokiodan uchib kelgan.
Samolyot Toshkentdagi aeroportga qo‘ndi
MrBeast kelgan samolyot «Toshkent-Humo» aeroportiga qo‘ngan. Aeroportda bloger muxlislar bilan uchrashib, ular bilan suratga tushgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu MrBeastning Markaziy Osiyoga ilk tashrifi.
Muxlislar bilan uchrashuv o‘tkaziladi
Toshkentda MrBeast muxlislari bilan maxsus uchrashuv o‘tkazilishi kutilmoqda. Tadbirga faqat oldindan ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar orasidan tasodifiy tanlanganlar kirishi mumkin.
Uchrashuv davomida turli o‘yinlar, viktorinalar va qimmatbaho sovrinlar bo‘lishi rejalashtirilgan.
MrBeast kim
MrBeast — amerikalik bloger, tadbirkor va YouTube’dagi eng mashhur kontent yaratuvchilardan biri.
U katta hajmdagi sinovlar, noodatiy tanlovlar va yirik pul mukofotlari bilan tanilgan. Shuningdek, bloger Beast Philanthropy loyihasi orqali xayriya ishlari bilan ham shug‘ullanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ishtirokchilardan boshqa akkauntlar yoki norasmiy havolalar orqali tadbirga kirish takliflariga ishonmaslikni so‘ragandi.